2-bob. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar
7-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi va qabul qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini o‘z vakolatlari doirasida muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishning borishini umumlashtirish va tahlil qilishni tashkil etadi hamda uni yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining hamkorligini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
71-modda. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi yoshlarga oid davlat siyosati
sohasidagi maxsus vakolatli davlat boshqaruvi organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi, tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini tahlil qiladi, shuningdek uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
yoshlarni huquqiy va ijtimoiy himoya qilishga, shuningdek ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
xorijda o‘qiydigan yoshlar bilan ishlarni tizimli asosda tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniqlangan buzilishlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining hamkorligini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Maxsus vakolatli davlat organi va uning hududiy boshqarmalari davlat organlari hamda tashkilotlariga yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar va dasturlarning ijrosi hamda ularning vakolatlariga kiradigan boshqa muhim masalalar to‘g‘risida asoslantirilgan tushuntirishlar taqdim etish talabi bilan so‘rovlar yuborishga haqli.
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari maxsus vakolatli davlat organi bilan majburiy tartibda kelishiladi.
8-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatining ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi hududiy dasturlarni ishlab chiqadi, tasdiqlaydi va amalga oshiradi;
tegishli hududda yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishning samaradorligini oshirish uchun yoshlarning ehtiyoji monitoringi olib borilishini va baholanishini ta’minlaydi;
yoshlarning bandligi va ularni ishga joylashtirish siyosati ro‘yobga chiqarilishini ta’minlaydi, mehnat bozori va yosh mutaxassislarni ishga joylashtirish amaliyoti monitoringini tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimi
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar tizimiga quyidagilar kiradi:
ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari;
davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari;
jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlar;
madaniyat organlari;
mehnat organlari;
prokuratura organlari;
ichki ishlar organlari;
adliya organlari;
mudofaa ishlari bo‘yicha organlar.
Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar ham qonunchilikka muvofiq ishtirok etishi mumkin.
10-modda. Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlarining va ta’lim muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
ta’lim sifatini oshirishga, malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
manfaatdor organlar va muassasalar bilan birgalikda o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari bandligining tahlilini amalga oshiradi hamda uning natijalari asosida ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashni takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi;
yoshlarning ta’limi va tarbiyasi sifatini oshirish, o‘quv jarayoniga ta’limning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish chora-tadbirlarini ko‘radi;
ta’lim muassasalarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishni ta’minlash maqsadida sport seksiyalari, fan, texnika to‘garaklari va ijodiy to‘garaklar, klublar tashkil etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, shuningdek ularni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga doir faoliyatda ishtirok etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarga ijtimoiy-psixologik va pedagogik yordam ko‘rsatadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘radi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlari va ta’lim muassasalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlarining va sog‘liqni saqlash muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida sanitariya-gigiyenaga oid bilimlarni tarqatish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha targ‘ibotni tashkil etadi;
yoshlar o‘rtasida tizimli tibbiy tekshiruvlarni tashkil etadi;
imkoniyati cheklangan yoshlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka chalingan, ruhiy holati buzilgan, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga chalingan yosh fuqarolarni aniqlaydi, ularni hisobga olishni, tekshiruvdan o‘tkazishni, shuningdek tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishni va ijtimoiy moslashtirishni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Davlat sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish organlari va sog‘liqni saqlash muassasalari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bo‘lgan intilishni va sportga qiziqishni rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
yoshlar o‘rtasida xalq o‘yinlari, milliy va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilishini tashkil etadi;
yoshlar o‘rtasida xalqaro sport aloqalarini rivojlantirish va mustahkamlashda, sport musobaqalarini o‘tkazishda ishtirok etadi;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamda respublika miqyosida o‘tkaziladigan tadbirlarda iqtidorli va iste’dodli yoshlarning ishtirok etishini ta’minlaydi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha organlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
121-modda. Madaniyat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Madaniyat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida badiiy ijodiyot, xalq va havaskorlik ijodiyoti targ‘ibotini amalga oshiradi;
yoshlar o‘rtasida kino, teatr, musiqa, xoreografiya, tasviriy san’atni, sirk, xalq amaliy san’atini va estrada san’atini rivojlantirishga, ularning g‘oyaviy-badiiy va axloqiy saviyasini oshirishga ko‘maklashadi;
yoshlar o‘rtasidagi ommaviy-madaniy va bayram tadbirlari g‘oyaviy mazmun bilan to‘ldirilishini ta’minlaydi, ijodiy uyushmalar va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi;
yoshlar o‘rtasida xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda, konferensiyalar va ko‘rgazmalar o‘tkazishda ishtirok etadi;
ijodkor yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, ularning o‘z iqtidori va iste’dodini to‘laqonli namoyon qilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
ijodiy safarlar tashkil etilishini hamda madaniyat sohasida xalqaro va respublika miqyosida o‘tkaziladigan ko‘riklarda, tanlovlarda, festivallarda, boshqa tadbirlarda iqtidorli va iste’dodli yoshlarning ishtirok etishini ta’minlaydi;
milliy o‘zlikni anglashda mustaqillik, yuksak ma’naviyat, insonparvarlik an’analariga sadoqat g‘oyalarini yanada chuqur singdirish, radikalizm va ekstremizmning yot g‘oyalariga qarshi immunitetni mustahkamlash borasida yoshlar o‘rtasida ma’rifiy ishlarni amalga oshiradi;
xalqimiz tarixi va bugungi hayotining eng yorqin sahifalarini, mamlakatimizning erkin demokratik taraqqiyotini aks ettiruvchi asarlar yaratishda ijodiy jamoalarga, ayniqsa ijodkor yoshlarga har tomonlama ko‘maklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Madaniyat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Mehnat organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mehnat organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning bandligi darajasini tizimli asosda tahlil qiladi, ularning bandligini ta’minlashda ishtirok etadi;
yoshlarni kasbga o‘qitish va qayta tayyorlash bo‘yicha tizimni tashkil etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mehnat organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Prokuratura organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Prokuratura organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risidagi qonunchilikning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Prokuratura organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
15-modda. Ichki ishlar organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Ichki ishlar organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatda ishtirok etadi;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiradi, shu jumladan huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va bunga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlaydi, bartaraf etadi;
yosh fuqarolarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ijtimoiy moslashtirish chora-tadbirlarini ko‘radi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Ichki ishlar organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
16-modda. Adliya organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Adliya organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
yoshlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Adliya organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
17-modda. Mudofaa ishlari bo‘yicha organlarning yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari
Mudofaa ishlari bo‘yicha organlar:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligini tashkil etishda ishtirok etadi;
yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ishtirok etuvchi boshqa organlar va muassasalar bilan hamkorlik qiladi.
Mudofaa ishlari bo‘yicha organlar qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
18-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ishtirok etishi
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan yosh fuqarolarga qonunchilikda belgilangan tartibda qo‘shimcha moddiy yordam ko‘rsatadi;
yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning jamiyat hayotidagi roli va faolligini oshirishga, sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, oilada ma’naviy-axloqiy muhitni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘radi;
yoshlarni tarbiyalash masalalari yuzasidan ta’lim muassasalari va boshqa muassasalar bilan hamkorlik qiladi;
tegishli hududda joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda yoshlarning bandligini ta’minlashga ko‘maklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning ro‘yobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda boshqa organlar va muassasalar, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik qiladi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
19-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishi
Nodavlat notijorat tashkilotlari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarda hayotga bo‘lgan qat’iy ishonch va qarashlarni shakllantirishda, ularni qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan qilib tarbiyalashda ishtirok etadi;
sog‘lom va barkamol yoshlarni tarbiyalashga, jamiyat hayotida ularning roli hamda faolligini oshirishga doir tadbirlarni tashkil etadi va o‘tkazadi;
yoshlarni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni, yosh fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni hamda ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan shart-sharoitlarni yaratishga ko‘maklashadi;
fan, sport, san’at va madaniyat sohasida yoshlarning ijodiy iste’dodi va qobiliyatini erta aniqlashga hamda rivojlantirishga ko‘maklashadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi, davlat dasturlarining va hududiy dasturlarning ro‘yobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarda sog‘lom turmush tarziga intilishni shakllantirishda, yuqumli kasalliklarga va boshqa ijtimoiy xavfli kasalliklarga, ichkilikbozlikka, giyohvandlikka, zaharvandlikka, kashandalikka hamda o‘zga zararli illatlarga qarshi kurashishga doir profilaktika chora-tadbirlarini amalga oshirishda, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda, yoshlar sportini ommaviy rivojlantirishda ishtirok etadi;
yoshlar orasida ekologik madaniyatni oshirishga, ekologik ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashadi;
qonunchilikda belgilangan tartibda yoshlarni o‘qitish bilan shug‘ullanishi mumkin;
yoshlarni tadbirkorlikka jalb etishga, kasbga yo‘naltirishga, qayta tayyorlashga va malakasini oshirishga ko‘maklashadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Davlat yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirok etishini kafolatlaydi va ta’minlaydi.
20-modda. Yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda ommaviy axborot vositalarining ishtirok etishi
Ommaviy axborot vositalari:
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishga, shu jumladan sog‘lom va barkamol yosh avlodni tarbiyalashga, jamiyat hayotida uning roli va faolligini oshirishga, huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlarni yoritadi;
yoshlarning ma’naviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga ko‘maklashishga doir tadbirlarda ishtirok etadi;
yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi qonunchilikning ijro etilishi, davlat dasturlari va hududiy dasturlar ro‘yobga chiqarilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishni amalga oshiruvchi hamda unda ishtirok etuvchi organlar va muassasalar, shuningdek fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
21-modda. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlari
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni o‘z faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) o‘z ishtirokchilari (a’zolari) o‘rtasida taqsimlamaydigan, yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishni hamda himoya qilishni, shuningdek yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishni o‘zining maqsadlari deb biladigan, o‘zini o‘zi boshqaradigan tashkilotdir.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat moddiy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda ta’lim muassasalarining binolaridan, klublar, madaniyat va aholi dam olish markazlaridan, sport inshootlaridan va boshqa inshootlardan foydalanish huquqini beradi.
Yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti o‘z ustavida nazarda tutilgan, faoliyatini moddiy jihatdan ta’minlash uchun zarur bo‘lgan binolarga, inshootlarga, uy-joy fondiga, uskunalarga, ashyolarga, madaniy-ma’rifiy va sog‘lomlashtirish uchun mo‘ljallangan mol-mulkka, pul mablag‘lariga, qimmatli qog‘ozlarga va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishi mumkin.
O‘n to‘rt yoshga to‘lgan shaxs yoshlarning nodavlat notijorat tashkiloti a’zosi bo‘lishi mumkin. Yoshlarning nodavlat notijorat tashkilotiga a’zo bo‘lish, a’zolikni yo‘qotish shartlari va tartibi, shu jumladan yoshiga ko‘ra uning a’zoligidan chiqish shartlari tegishli nodavlat notijorat tashkilotining ustavida belgilanadi.