4-bob. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish tartibi
18-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish shartlari
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish ushbu Qonunning asosiy prinsiplariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
subyekt bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik berganda;
subyekt taraf bo‘lgan shartnomani bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish yoki shunday shartnoma tuzilguniga qadar subyektning so‘roviga binoan choralar ko‘rish zarur bo‘lganda;
mulkdor va (yoki) operatorning qonunchilikda belgilangan majburiyatlarini bajarish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;
subyektning yoki boshqa shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;
mulkdor va (yoki) operatorning yoki uchinchi shaxsning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun yoxud shaxsga doir ma’lumotlar subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilmasligi sharti bilan ijtimoiy ahamiyatga molik maqsadlarga erishish uchun bu ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lganda;
shaxsga doir ma’lumotlarga ularni majburiy ravishda egasizlantirish sharti bilan statistik yoki boshqa tadqiqot maqsadlarida ishlov berilganda;
agar bu ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan olingan bo‘lsa.
Subyektning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish zarur bo‘lgan taqdirda, bu ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik olish mumkin bo‘lgan paytga qadar subyektning roziligisiz yo‘l qo‘yiladi.
19-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga oid talablar
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadlari mulkdor va (yoki) operatorning faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar, nizomlar, ta’sis hujjatlari yoki boshqa hujjatlar bilan belgilanadi hamda ushbu Qonunga muvofiq bo‘lishi kerak.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadlari ularni yig‘ish chog‘ida ilgari bildirilgan maqsadlarga, shuningdek mulkdorning va (yoki) operatorning huquq va majburiyatlariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishning maqsadi o‘zgargan taqdirda, mulkdor va (yoki) operator subyektning o‘z ma’lumotlariga o‘zgargan maqsadga muvofiq ishlov berilishi uchun roziligini olishi kerak.
Shaxsga doir ma’lumotlar aniq va ishonchli bo‘lishi, zarur bo‘lgan taqdirda esa o‘zgartirilishi va to‘ldirilishi kerak.
Shaxsga doir ma’lumotlar bazasiga kiritilishi mumkin bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi subyekt tomonidan ushbu Qonunga muvofiq belgilanadi. Ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning hajmi va xususiyati ularga ishlov berish maqsadlari va usullariga muvofiq bo‘lishi kerak.
Shaxsga doir ma’lumotlarga subyektni identifikatsiya qilishga yo‘l qo‘yiladigan shaklda yoki egasizlantirilgan tarzda ishlov beriladi.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish muddati subyektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga roziligi amal qiladigan muddatdan oshib ketmasligi kerak.
20-modda. Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi
Shaxsga doir ma’lumotlar bazalari Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim.
Shaxsga doir ma’lumotlar bazasini ro‘yxatdan o‘tkazish ariza berish prinsipi orqali xabardor qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Shaxsga doir ma’lumotlar bazasini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi ariza vakolatli davlat organiga beriladi.
O‘z tarkibida:
jamoat birlashmasining yoki diniy tashkilotning ishtirokchilariga (a’zolariga) taalluqli bo‘lgan hamda tegishincha jamoat birlashmasi yoki diniy tashkilot tomonidan ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlar, ularni uchinchi shaxslarga tarqatmaslik yoki oshkor etmaslik sharti bilan;
subyekt tomonidan hamma foydalanishi mumkin qilib qo‘yilgan;
subyektlarning faqat familiyasini, ismini va otasining ismini o‘z ichiga olgan;
subyektning mulkdor va (yoki) operator turgan hududga bir martalik kirishi uchun yoki boshqa shunga o‘xshash maqsadlar uchun zarur bo‘lgan;
avtomatlashtirilgan davlat axborot tizimlari maqomiga ega bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlarning axborot tizimlariga kiritilgan;
avtomatlashtirish vositalaridan foydalanmagan holda ishlov beriladigan;
mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlar mavjud bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar bazalari ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.
Mulkdor va (yoki) operator tegishli shaxsga doir ma’lumotlar bazasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning har bir o‘zgarishi to‘g‘risida vakolatli davlat organini bunday o‘zgarish yuzaga kelgan kundan e’tiboran o‘n kalendar kundan kechiktirmay xabardor qilishi shart.
21-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga rozilik berish va rozilikni chaqirib olish tartibi
Subyekt shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun rozilikni uning olinganligi faktini tasdiqlash imkonini beruvchi har qanday shaklda beradi.
Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish uchun subyektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi talab etiladi.
Subyekt muomalaga layoqatsiz bo‘lgan yoki uning muomala layoqati cheklangan taqdirda, uning qonuniy vakili subyektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun yozma ravishda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi.
Voyaga yetmagan subyektlarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun ularning ota-onalari (vasiylari, homiylari), ular yo‘qligida esa vasiylik va homiylik organlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik beradi.
Subyekt vafot etgan taqdirda, uning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uchun rozilikni, agar subyekt hayotligi chog‘ida bunday rozilikni bermagan bo‘lsa, uning merosxo‘rlari yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida beradi.
Sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilingan, bedarak yo‘qolgan deb topilgan subyektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berish uning merosxo‘rlarining yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida berilgan roziligiga ko‘ra amalga oshiriladi.
Subyekt shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun berilgan rozilikni ushbu rozilik qanday shaklda berilgan bo‘lsa, shunday shaklda yoxud yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida chaqirib oladi.
22-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etish tartibi
Subyekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga taalluqli bo‘lgan, quyidagilar ko‘rsatilgan axborotni olish huquqiga ega:
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berilganligi faktining tasdig‘i;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish asoslari va maqsadlari;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishda qo‘llaniladigan usullar;
mulkdorning va (yoki) operatorning nomi hamda ularning (uning) joylashgan eri (pochta manzili), shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan yoxud mulkdor va (yoki) operator bilan tuzilgan shartnoma asosida yoki qonun asosida shaxsga doir ma’lumotlar o‘ziga oshkor qilinishi mumkin bo‘lgan shaxslar haqidagi ma’lumotlar;
tegishli subyektga taalluqli bo‘lgan, ishlov beriladigan shaxsga doir ma’lumotlarning tarkibi, ularni olish manbai, agar ushbu Qonunda bunday ma’lumotlarni taqdim etishning boshqacha tartibi nazarda tutilgan bo‘lmasa;
shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish muddatlari, shu jumladan ularni saqlash muddatlari;
ushbu Qonunning 30-moddasida nazarda tutilgan huquqlarning subyekt tomonidan amalga oshirilish tartibi;
shaxsga doir ma’lumotlarning amalga oshirilgan yoki mo‘ljallanilayotgan transchegaraviy uzatilishi to‘g‘risidagi axborot.
Subyektga o‘zining shaxsga doir ma’lumotlarini taqdim etish boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan hollarda, subyektning o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilishiga taalluqli axborotni olishga bo‘lgan huquqi cheklanishi mumkin.
Subyektning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga taalluqli axborotni uchinchi shaxsga taqdim etish tartibi subyektning shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish uchun roziligi shartlariga ko‘ra belgilanadi.
Mulkdor va (yoki) operator quyidagi hollarda subyektga uning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etish majburiyatidan ozod etiladi, agar:
subyekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berishni amalga oshirish to‘g‘risida ilgari xabardor qilingan bo‘lsa;
shaxsga doir ma’lumotlar subyekt tomonidan hamma foydalana oladigan qilingan bo‘lsa yoki hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbadan olingan bo‘lsa;
bunday axborotning berilishi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga olib keladigan bo‘lsa.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etishni rad qilish to‘g‘risidagi xabarnoma so‘rov bergan subyektga o‘n kun ichida yozma shaklda yuboriladi.
Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berishga taalluqli axborotni taqdim etishni rad qilish to‘g‘risidagi qaror ustidan subyekt vakolatli davlat organiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin.
23-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish chog‘idagi harakatlar to‘g‘risida xabardor qilish
Subyekt o‘zining shaxsga doir ma’lumotlari shaxsga doir ma’lumotlar bazasiga kiritilayotganda shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish maqsadlari, ushbu Qonunning 30-moddasida belgilangan o‘z huquqlari haqida yozma shaklda xabardor qilinishi kerak.
Shaxsga doir ma’lumotlar uchinchi shaxsga berilgan taqdirda, mulkdor va (yoki) operator bu haqda subyektni uch kun ichida yozma shaklda xabardor qiladi.
Subyektni yozma shaklda xabardor qilish quyidagi hollarda amalga oshirilmaydi:
davlat organlari o‘z vakolatlarini amalga oshirayotganda;
shaxsga doir ma’lumotlar tarixiy, statistik, sotsiologik yoki ilmiy maqsadlarda ishlov berish uchun berilganda;
shaxsga doir ma’lumotlar hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan yig‘ilganda.
24-modda. Shaxsga doir ma’lumotlarga avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish
Subyekt o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan, yuridik oqibatlarni keltirib chiqaradigan o‘z shaxsga doir ma’lumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilishga duchor etilmaslik huquqiga ega, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Quyidagi hollarda subyektning shaxsga doir ma’lumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilinishi mumkin:
subyektning yozma shakldagi, shu jumladan elektron hujjat tarzidagi roziligi mavjud bo‘lganda;
agar qaror mulkdor va subyekt o‘rtasidagi shartnomani ijro etish yoki ilgari tuzilgan shartnoma shartlarini bajarish uchun qabul qilinayotgan bo‘lsa;
qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda.
Mulkdor va (yoki) operator subyektga uning shaxsga doir ma’lumotlariga faqat avtomatlashtirilgan tarzda ishlov berish asosida qaror qabul qilish tartibini va bunday qarorning ehtimoldagi yuridik oqibatlarini tushuntirishi, bunday qarorga e’tiroz bildirish imkoniyatini berishi, shuningdek subyekt tomonidan o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tartibini tushuntirishi shart.
Mulkdor va (yoki) operator ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan e’tirozni ko‘rib chiqishi hamda bunday e’tirozni ko‘rib chiqish natijalari haqida subyektni o‘n kun ichida yozma shaklda xabardor qilishi shart.
25-modda. Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish
Irqiy yoki ijtimoiy kelib chiqishga oid ma’lumotlar, siyosiy, diniy yoki dunyoqarashga oid e’tiqodlar, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga a’zolik to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek jismoniy yoki ruhiy (psixik) salomatlikka taalluqli ma’lumotlar, shaxsiy hayot va sudlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaxsga doir maxsus ma’lumotlardir.
Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berish taqiqlanadi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Shaxsga doir maxsus ma’lumotlarga ishlov berishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yiladi:
vakolatli davlat organi tomonidan davlat xavfsizligini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta’minlash maqsadida;
agar subyekt o‘z shaxsga doir maxsus ma’lumotlariga ishlov berish uchun yozma shaklda, shu jumladan elektron hujjat tarzida rozilik bergan bo‘lsa;
agar shaxsga doir maxsus ma’lumotlar subyekt tomonidan hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalarda e’lon qilingan bo‘lsa;
subyektning yoki boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida;
qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi, ijro ishini yuritish doirasida sudlar va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati amalga oshirilayotganda;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilayotganda;
davlat statistika organlari faoliyati amalga oshirilayotganda, shuningdek boshqa davlat organlari tomonidan statistika maqsadlari uchun shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanilganda, ularni egasizlantirish sharti bilan;
tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilayotganda yoki tibbiy tashxis, davolash belgilanayotganda, bunday ma’lumotlarga shaxsga doir ma’lumotlarning himoya qilinishini ta’minlash majburiyati zimmasiga yuklatilgan tibbiyot xodimi yoki sog‘liqni saqlash muassasasining boshqa shaxsi tomonidan ishlov berilishi sharti bilan;
mehnatga doir munosabatlar sohasidagi huquqlar amalga oshirilayotganda va majburiyatlar bajarilayotganda;
subyekt muomalaga layoqatsiz bo‘lgan yoki uning muomala layoqati cheklangan taqdirda subyektning yoki uchinchi shaxsning qonuniy manfaatlarini himoya qilish ta’minlanayotganda;
shaxsga doir ma’lumotlar, shu jumladan saylab qo‘yiladigan davlat lavozimlariga nomzodlarning shaxsga doir ma’lumotlari hammaga e’lon qilinganda;
nodavlat notijorat tashkiloti, diniy tashkilot, siyosiy partiya yoki kasaba uyushmasi faoliyati amalga oshirilayotganda, ishlov berish faqat shu tashkilotlar va birlashmalar a’zolarining yoki xodimlarining shaxsga doir ma’lumotlariga taalluqli bo‘lishi hamda subyektlarning roziligisiz uchinchi shaxsga berilmasligi sharti bilan;
ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilayotganda, bu bolalar fuqarolarning oilalariga tarbiyalash uchun joylashtirilayotganda (patronat) hamda vasiylik va homiylikni ta’minlash bo‘yicha boshqa chora-tadbirlar amalga oshirilayotganda;
shaxsga doir ma’lumotlarga davlat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlov berilayotganda;
sudlanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarga o‘z vakolatlari doirasida davlat organlari, shuningdek boshqa shaxslar tomonidan ishlov berilayotganda.
26-modda. Biometrik va genetik ma’lumotlarga ishlov berish
Subyektning anatomik va fiziologik o‘ziga xos xususiyatlarini tavsiflovchi shaxsga doir ma’lumotlar biometrik ma’lumotlardir.
Subyektning nasldan-naslga o‘tgan yoki orttirilgan xususiyatlariga taalluqli bo‘lgan, subyektning biologik qiyofasini tahlil qilish yoki muqobil axborot olish imkonini beradigan boshqa elementni tahlil qilish natijasi bo‘lgan shaxsga doir ma’lumotlar genetik ma’lumotlardir.
Subyektning shaxsini aniqlash uchun foydalaniladigan biometrik va genetik ma’lumotlarga faqat mazkur subyektning roziligi mavjud bo‘lgan taqdirda, bundan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ro‘yobga chiqarish, odil sudlovni amalga oshirish, ijro ishini yuritish bilan bog‘liq hollar mustasno, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishlov berilishi mumkin.
Elektron shakldagi biometrik va genetik ma’lumotlardan axborot tizimlaridan tashqarida foydalanish va ularni shunday tizimlardan tashqarida saqlash faqat ulardan ruxsatsiz foydalanishni istisno etadigan axborot tashuvchi moddiy jismlarda amalga oshirilishi mumkin.