2-bob. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar
7-modda. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi davlat organlari
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati;
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni qonunchilikka muvofiq boshqa davlat organlari ham amalga oshiradi.
8-modda. O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi va uning hududiy kengashlari
Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashi (bundan buyon matnda Milliy kengash deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar (bundan buyon matnda hududiy kengashlar deb yuritiladi) qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etiladi.
Milliy kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta’minlash;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta’minlash;
korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
hududiy kengashlar faoliyatini muvofiqlashtirish.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Milliy kengashning ishchi organidir.
81-modda. O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini shakllantiradi va amalga oshiradi;
har yili O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida milliy ma’ruza tayyorlaydi hamda uni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldor bo‘lgan qo‘mitalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining tegishli qo‘mitasi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar, tuman va shahar Kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyalari bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga oid jinoyatlarni, birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasining milliy manfaatlariga va xalqaro obro‘siga putur yetkazadigan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi, uning yakunlari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga axborot beradi;
korrupsiyaga oid jinoyatlar tufayli jamiyat va davlat manfaatlariga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanishiga erishilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tizimi samaradorligini tahlil qiladi, ushbu tizimni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritadi;
fuqarolik jamiyati institutlari bilan birgalikda korrupsiyaning darajasini, shu jumladan hududlar, iqtisodiyot tarmoqlari va boshqa sohalar kesimidagi darajasini baholovchi Korrupsiyani idrok etish milliy indeksini tuzishni tashkil etadi;
davlat xaridlari sohasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida davlat buyurtmachisining ISO: 37001 korrupsiyaga qarshi standartni qo‘llashini nazarda tutuvchi talabni belgilaydi;
joylarda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan hududiy dasturlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi;
korrupsiya holatlariga doir materiallarni qonunchilikda belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalariga taqdim etadi;
vazirliklar va idoralarning korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat organlarining, ommaviy axborot vositalarining, fuqarolik jamiyati institutlarining va boshqa nodavlat sektor vakillarining ushbu masalalar bo‘yicha samarali hamkorligini tashkil etadi;
ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalar kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning aniq va bir xilda ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiradi;
korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshiradi;
korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil qilishni amalga oshiradi;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida, shu jumladan qonunchilik tashabbusi huquqini amalga oshirishda ishtirok etadi;
aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir faoliyatda ishtirok etadi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi;
korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘adi hamda tahlil qiladi, milliy xavfsizlik uchun tahdidlarni baholashni amalga oshiradi, tegishli davlat organlariga zarur axborotni taqdim etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
korru
psiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
11-modda. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiya bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni va dastlabki tergovni amalga oshiradi;
korrupsiyaning holati va korrupsiyaga qarshi kurashish natijalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘adi hamda tahlil qiladi, tegishli davlat organlariga zarur axborotni taqdim etadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya faktlariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘radi;
aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir faoliyatda ishtirok etadi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi statistika ma’lumotlarining hisobi yuritilishini va tahlil qilinishini ta’minlaydi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi;
aholi o‘rtasida jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga va qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan huquqiy targ‘ibotga doir faoliyatni amalga oshiradi hamda muvofiqlashtiradi;
ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim va tarbiyaga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etadi;
normativ-huquqiy hujjatlardagi hamda ularning loyihalaridagi korrupsiya uchun shart-sharoitlar yaratadigan qoidalar va normalarni aniqlash maqsadida ushbu hujjatlar va loyihalarning tahlilini amalga oshiradi;
korrupsiyaga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha choralar ko‘radi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti o‘z vakolatlari doirasida:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar, iqtisodiy va korrupsiya bilan bog‘liq boshqa jinoyatlar bo‘yicha tezkor-qidiruv faoliyatini, tergovga qadar tekshiruvni va surishtiruvni amalga oshiradi;
jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishning ehtimol tutilgan yo‘llari va mexanizmlarini aniqlash uchun pul mablag‘lari yoki boshqa mol-mulk bilan bog‘liq operatsiyalarning monitoringini tashkil etadi hamda o‘tkazadi;
jinoiy ta’qib etishni tashkil qilish va huquqiy ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini ko‘rish uchun tegishli davlat organlarini korrupsiyaga oid aniqlangan huquqbuzarliklar to‘g‘risida o‘z vaqtida xabardor qiladi;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning o‘z vaqtida oldi olinishini, aniqlanishini va ularga chek qo‘yilishini ta’minlashga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi boshqa organlar hamda tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolarning korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etishi
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etishi;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda ishtirok etishi;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi mumkin.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari ushbu moddada nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida Milliy kengash va hududiy kengashlar faoliyatida, shuningdek davlat organlari huzuridagi ishchi guruhlar, komissiyalar va jamoat-maslahat organlari faoliyatida qonunchilikda belgilangan tartibda ishtirok etadi.
15-modda. Ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etishi
Ommaviy axborot vositalari:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni yoritadi;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Ommaviy axborot vositalari qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.