O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2018-yil 3-fevraldagi PQ-3504-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, san’at va madaniyat sohasida ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, malakali kadrlar tayyorlash uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida” 2018-yil 3-fevraldagi PQ-3504-son qarori bilan san’at va madaniyat kollejlari bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladigan ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarga aylantirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar to‘g‘risida nizom 1-ilovaga;

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlar to‘g‘risida nizom 3-ilovaga;

Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar bitiruvchilariga beriladigan diplomning davlat namunasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

a) O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar pedagog va rahbar xodimlari mehnatiga haq to‘lash Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi xodimlari mehnatiga haq to‘lashning takomillashtirilgan tizimini tasdiqlash to‘g‘risida” 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qaroriga muvofiq bazaviy tarif stavkalariga quyidagi miqdorlarda ustamalar qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi:

20 foiz — o‘qituvchilarga, shuningdek, ixtisoslashtirilgan maktab- internatlarda pedagog xodimlarga, shu jumladan, tarbiyachilar yordamchilariga chuqur o‘rganiladigan fanlar bo‘yicha amalda o‘tkazilgan darslar uchun;

20 foiz — ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablarida o‘quv jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan direktorlar, ularning o‘rinbosarlari va psixologlarga;

40 foiz — ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktab-internatlarida o‘quv-tarbiya jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan direktorlar, ularning o‘rinbosarlariga.

b) Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 24-oktabrdagi 868-son qarori O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi;

v) Badiiy ta’lim (tasviriy va amaliy san’at, dizayn, san’atshunoslik hamda muzeyshunoslik) yo‘nalishlarida mutaxassislik fanlari bo‘yicha pedagog va mutaxassis kadrlar — O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazida reja asosida bepul malaka oshiradilar.

4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.V. Nuridinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2019-yil 9-yanvar,
9-son

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 9-son qaroriga
1-ILOVA

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlar to‘g‘risida
NIZOM

1-bob.Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarning (keyingi o‘rinlarda ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar deb ataladi) maqomi, maqsadi va vazifalarini, o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish hamda ta’lim muassasasini boshqarish tartibini belgilaydi.

2. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘quvchilarni mutaxassislik fanlariga kasbiy yo‘naltirishni hamda ularni kelgusida oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettirishlari yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun maqsadli tayyorlashni nazarda tutadigan, davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari, o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari talablariga muvofiq ravishda o‘quv-tarbiya jarayonini amalga oshiradigan davlat ta’lim muassasalari hisoblanadi.

3. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z ustaviga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachilik bo‘linmasida shaxsiy g‘azna hisob raqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi.

4. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, o‘z ustaviga amal qiladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga umumiy rahbarlik qiladi, jumladan, ularni tashkiliy va mutaxassis kadrlar bilan ta’minlaydi, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi, o‘quv-metodik jarayonini muvofiqlashtiradi hamda faoliyatini nazorat qiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning samarali faoliyat ko‘rsatishida, amaliyotlarni tashkil etishida hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlashida ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatadi.

2-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning maqsadi va vazifalari

6. O‘quvchilarni mutaxassislik fanlaridan chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan holda o‘qitish, ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatining maqsadi hisoblanadi.

7. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning vazifalari hisoblanadi:

o‘quvchilarni san’at va madaniyat yo‘nalishida tanlagan kasblari bo‘yicha mutaxassislik fanlaridan chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan davlat ta’lim standarti talablariga muvofiq sifatli o‘qitishni tashkil etish;

o‘quvchilarning kelgusida oliy ta’lim muassasasida o‘qishini davom ettirishi yoki tanlagan kasbi va ixtisosligiga muvofiq mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yuqori darajada sifatli bilimlar olishi va kasbiy tayyorgarligini ta’minlaydigan davlat ta’lim talablari doirasida ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlarini amalga oshirish;

san’at va madaniyat sohasini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, qonunchilik hujjatlariga muvofiq ta’lim masalalari bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish;

yoshlarning izchil intellektual, madaniy va ma’naviy-axloqiy kamol topishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, ularni ona-Vatanga, yuksak fuqarolik, insoniylik fazilatlariga, milliy g‘oyalarga, o‘z xalqining ma’naviy-tarixiy, umumbashariy qadriyatlariga sadoqat ruhida tarbiyalash, mustaqil dunyoqarash va fikrlashga ega bo‘lgan har tomonlama yetuk shaxsni shakllantirish.

3-bob. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish

8. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘quv jarayoni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq tashkil etiladi.

O‘quvchilarning kasbiy qiziqishlari va mahoratini hamda san’at va madaniyat sohasida olgan boshlang‘ich bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlash maqsadida o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda asosiy e’tibor ularning professional darajasini oshirishga qaratiladi.

9. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotalari joylardagi ish beruvchi tashkilotlar tomonidan mavjud kasblarga bo‘lgan ehtiyoj va talablar asosida, shuningdek, o‘quvchilarning va ota-onalarining xohish va istaklarini inobatga olgan holda ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning bergan takliflariga binoan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan belgilanadi.

10. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘qish o‘zbek, qoraqalpoq va rus tilida olib boriladi.

11. Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarda sinflardagi o‘quvchilar soni 25 — 30 nafarni tashkil qiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar ta’lim yo‘nalishlari xususiyatiga ko‘ra, mutaxassislik fanlarining amaliy mashg‘ulotlari kichik guruhlarga bo‘lingan holda hamda yakka (individual) tartibda olib boriladi.

12. Maktablar va maktab-internatlarning namunaviy o‘quv rejasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan Xalq ta’limi vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Fan dasturlarini ishlab chiqish, amaliyotlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, o‘quv-tarbiyaviy ishlar hamda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish davlat ta’lim talablaridan kelib chiqqan holda hamda ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

13. O‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishda auditoriya va auditoriyadan tashqari mashg‘ulotlar o‘tkazishning turli zamonaviy shakllari va interfaol usullaridan foydalaniladi.

Ta’lim berishda o‘quv jarayonini madaniyat, san’at va musiqa muassasalarining ijodiy jamoalari bilan bog‘lashga doir tashkiliy, ilmiy-metodik ishlar olib boriladi.

14. Mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari soatbay haq to‘lash asosida ta’lim-tarbiya jarayoniga jalb etilishi mumkin.

15. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning rahbar xodimlari, ishchi-xodimlari, o‘qituvchilari hamda konsertmeysterlarining lavozim vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’lim vazirligi bilan kelishgan holda Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

16. Tegishli oliy ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va yuksak axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan shaxslar ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egadirlar.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga o‘qituvchilar tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga umumiy o‘rta ta’lim va ijtimoiy gumanitar fanlar bo‘yicha pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan va tanlovdan o‘tgan malakali pedagog kadrlar o‘qituvchilik lavozimiga tayinlanadi. San’at va madaniyat yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalarini tamomlagan bakalavr va magistr darajasiga ega bo‘lgan mutaxassis pedagoglar tegishli kasblari bo‘yicha maxsus fanlar o‘qituvchisi lavozimiga tayinlanadi.

Oliy ma’lumotli bakalavr darajasidagi mutaxassislarga, shuningdek, istisno tariqasida, o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislarga (oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan ta’minlangunga qadar) konsertmeysterlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

17. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘quvchilar bilimini tekshirish O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.

O‘quv yili yakunlangandan keyin ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘quvchilarini har bir bosqichda o‘zlashtirish va ijodiy imtihon natijalari bo‘yicha keyingi sinfga o‘tkazish to‘g‘risida pedagogik kengash tomonidan qaror qabul qilinadi. O‘quvchilarning keyingi sinfga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qaror ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktorining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.

4-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga o‘quvchilarni qabul qilish

18. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga o‘quvchilarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan joylarda ish beruvchi tashkilotlarning ehtiyojini inobatga olgan holda shakllantiriladigan har yilgi qabul kvotalari doirasida ijodiy sinov asosida quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

a) ixtisoslashtirilgan maktablar uchun:

10-sinfdan;

istisno tariqasida, kasblarning o‘ziga xos xususiyatini inobatga olgan holda:

ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar nazoratisiz va qarovisiz qolgan, ijtimoiy jihatdan xavfli ahvolda bo‘lgan oilalarda yashayotgan, shuningdek, davlat va jamoatchilik yordamiga muhtoj bo‘lgan boshqa voyaga yetmaganlar ularning xulq-atvori, psixologik portreti, yoshi, iqtidori, qobiliyati, san’at turiga bo‘lgan qiziqishlari hamda iste’dodini inobatga olgan holda, voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tavsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va uning hududiy boshqarmalarining yo‘llanmasi asosida ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlariga joylashtiriladi.

Bunda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlariga qabul kvotasidan tashqari 5 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratadi;

5-sinfdan (Respublika xoreografiyaga ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga);

b) ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar uchun:

1-sinfdan (7 yoshdan boshlab);

5-sinfdan.

19. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda har bir yangi o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish va tegishli kasb va ixtisoslik bo‘yicha ijodiy sinovlar o‘tkazish hamda ota-onalarning (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi) tuziladi.

Komissiya tarkibi 7 nafardan kam bo‘lmagan toq miqdorda tashkil etilib, tarkibiga ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internat direktori, tegishli bo‘lim mudiri, tuman (shahar) madaniyat bo‘limlari vakillari hamda mazkur ta’lim muassasasining pedagog xodimlari kiritiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktorlari komissiya raisi hisoblanadi.

20. Komissiyaning ish faoliyatini rejalashtirish, muvofiqlashtirish va hisobotlarni yuritish bo‘yicha mas’ul kotibi ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning rahbariyati tavsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

21. Komissiya har bir kasb bo‘yicha o‘quvchilarning kasbiy mahorati va layoqatini, boshlang‘ich tayyorgarligi darajasini aniqlashtirishda ijodiy sinov shartlariga asoslanadi. Ushbu shartlarni amalda qanday bajarishiga qarab, o‘quvchiga ijodiy sinov ballari qo‘yilib, bolalar musiqa va san’at maktabida olgan o‘rtacha ballni qo‘shgan holda umumlashtiriladi va o‘quvchi tanlagan yo‘nalishiga qabul qilinganligi yoki yetarli ball ololmagani uchun qabul qilinmagani haqida qaror chiqariladi.

22. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning rahbariyati tomonidan, o‘qishga kirish uchun hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida 1 oy oldin tanlov yo‘nalishlari va shartlari haqida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi rasmiy veb-saytlarida, ommaviy axborot vositalarida (respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida) e’lon beriladi.

23. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga kirish uchun hujjatlar har yili 1 — 30-iyun kunlari qabul qilinadi. Bunda nomzodlardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktori nomiga ariza;

tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

bolalar musiqa va san’at maktabini tamomlaganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda 9-sinfni tamomlaganlik haqida shahodatnoma;

086-U va 0-63-shakllar bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;

3x4 hajmdagi 6 ta fotosurat;

ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchining iste’dodi va iqtidorini ko‘rsatuvchi ishlaridan (agar ular mavjud bo‘lsa) namunalar (diplom, faxriy yorliq, fotosurat hamda boshqa ijodiy ishlar).

24. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga ijodiy sinovlar har yili 15 — 30-iyul kunlari oralig‘ida o‘tkaziladi.

25. O‘quv dasturini o‘zlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tgan ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning bitiruvchilariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda, o‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi.

O‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning bitiruvchilariga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.

5-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qishga qabul qilish uchun ijodiy sinov o‘tkazish

26. Ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘qishga qabul qilish mazkur Nizomning 18-bandi “a” kichik bandida belgilangan tartibda ijodiy sinov asosida amalga oshiriladi.

27. Ijodiy sinov shartlari ixtisoslashtirilgan maktablarning yetakchi mutaxassislari tomonidan har bir yo‘nalish xususiyatini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

28. Ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan ijodiy sinov kunlarining aniq muddati komissiya tomonidan tasdiqlanadigan jadvalda ko‘rsatiladi.

29. Ixtisoslashtirilgan maktablarda ijodiy sinovlar boshlanishidan kamida besh kun oldin komissiya tomonidan tasdiqlangan jadval asosida ular o‘tkaziladigan har bir yo‘nalish bo‘yicha maslahat darslari (konsultatsiya) tashkil etiladi.

Maslahat darslari (konsultatsiya) jarayonida bajarilgan ijodiy ishlar yoki savol-javoblar ijodiy sinovni baholashda e’tiborga olinmaydi.

30. O‘quvchilar komissiya tomonidan shakllantirilgan ro‘yxat asosida ijodiy sinovlarga kiritiladi. Uzrsiz sabablarga ko‘ra ijodiy sinovlarga kelmagan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha sinovlar o‘tkazilmaydi.

31. O‘quvchilarga ijodiy sinovlar o‘tkaziladigan binoga o‘zi bilan musiqa asbobi, tegishli maxsus kiyim yoki rekvizit, ijodiy ishni bajarishga zarur bo‘ladigan anjomlar olib kirishi uchun ruxsat etiladi.

32. Ijodiy sinovlar o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida o‘tkaziladi.

33. Ijodiy sinov quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

birinchi bosqich — muayyan kasb bo‘yicha o‘quvchining nazariy bilimlarini aniqlash maqsadida savol-javoblar shaklida o‘tkaziladi. Bunda har bir o‘quvchiga sohaga oid nazariy savol beriladi va 30 ballik mezon asosida baholanadi;

ikkinchi bosqich — ijodiy sinov ishtirokchisi o‘zi tayyorlab kelgan ijodiy ishlari namunasini taqdim etadi (amalda bajarib beradi) va 60 ballik mezon asosida baholanadi.

Ushbu shartlar amalda bajarilganda, o‘quvchiga ijodiy sinovning umumiy ballariga umumta’lim maktabi 9-sinf bitiruvchisining shahodatnomasi 5 ballik, bolalar musiqa va san’at maktabini tamomlaganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi 5 ballik mezon asosida baholanib, ballari umumlashtiriladi.

34. O‘tkazilgan ijodiy sinovning barcha bosqichida qo‘yilgan ballar umumlashtirilib o‘quvchining muayyan kasb bo‘yicha mahorati va layoqati, boshlang‘ich tayyorgarligi darajasiga umumiy baho (ball) chiqariladi. Ijodiy sinov umumiy maksimal 100 ballik tizim asosida baholanadi.

35. Ijodiy sinovlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ballar ketma-ketligi bo‘yicha belgilangan kvotaga muvofiq o‘qishga qabul qilinadi.

36. Nufuzli xalqaro (I, II, III o‘rinlar) va respublika (I o‘rin) miqyosidagi tanlovlar g‘oliblari belgilangan kvota doirasida imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinadi.

37. O‘quvchilarning ijodiy sinovlardagi ko‘rsatkichlari teng bo‘lib qolgan holatlarda quyidagilar birinchi navbatda o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘ladi:

ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, chin yetim, nogironligi bo‘lgan bolalar;

viloyat yoki shahar miqyosidagi tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilar.

38. Ijodiy sinovlarning yakuniy natijalari ijodiy sinovlar yakunlangandan so‘ng 3 kun mobaynida komissiya tomonidan e’lon qilinadi.

39. Ijodiy sinovlardan o‘tmagan o‘quvchilarning hujjatlari, o‘quvchining ota-onasini (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilgan holda farzandi ta’lim oladigan umumta’lim maktabi ma’muriyatiga hududiy xalq ta’limi bo‘limlari orqali qaytariladi.

40. Ijodiy sinovlar natijalaridan norozi bo‘lgan o‘quvchilar sinov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida ta’lim muassasasida belgilangan tartibda tashkil etiladigan apellatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.

41. Ijodiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar sinov o‘tkazilgan yilning 20-avgustiga qadar ixtisoslashtirilgan maktab direktori buyrug‘i asosida o‘quvchilar safiga qabul qilinadi.

6-bob. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga o‘qishga qabul qilish uchun ijodiy sinov o‘tkazish

42. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga o‘qishga qabul qilish mazkur Nizomning 18-bandi “b” kichik bandida belgilangan tartibda ijodiy sinov asosida amalga oshiriladi.

43. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga o‘qishga qabul qilish uchun ijodiy sinov quyidagi tartibda baholanadi:

ijodiy sinovlar — 60 ballik mezon asosida;

umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘qish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida 1-sinf o‘quvchilari uchun psixolog-o‘qituvchi tomonidan savol-javob (4 ta vazifa — 10 ballik mezon asosida), 5-sinf o‘quvchilari uchun matematika, ona tili va adabiyot fanlaridan tuzilgan test (40 ballik mezon asosida) hamda psixolog suhbatidan va tibbiyot xodimlari ko‘rigidan o‘tkaziladi.

44. O‘tkazilgan ijodiy sinovning barcha bosqichida qo‘yilgan ballar umumlashtirilib, o‘quvchining muayyan kasb bo‘yicha mahorati va layoqati, boshlang‘ich tayyorgarligi darajasiga umumiy baho (ball) chiqariladi. Ijodiy sinov umumiy maksimal 100 ballik tizim asosida baholanadi.

45. Ijodiy sinovlar bo‘yicha yuqori natija ko‘rsatgan o‘quvchilar ballar ketma-ketligi bo‘yicha belgilangan kvotaga muvofiq o‘qishga qabul qilinadi.

46. Nufuzli xalqaro (I, II, III o‘rinlar) va respublika (I o‘rin) miqyosidagi tanlovlar g‘oliblari belgilangan kvota doirasida imtiyozli ravishda o‘qishga qabul qilinadi.

47. O‘quvchilarning ijodiy sinovlardagi ko‘rsatkichlari teng bo‘lib qolgan holatlarda quyidagilar birinchi navbatda o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘ladi:

ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, chin yetim, nogironligi bo‘lgan bolalar;

viloyat yoki shahar miqyosidagi tanlovlar g‘olibi bo‘lgan o‘quvchilar.

48. Ijodiy sinovlarning yakuniy natijalari ijodiy sinovlar yakunlangandan so‘ng 3 kun mobaynida komissiya tomonidan e’lon qilinadi.

49. Ijodiy sinovlardan o‘tmagan o‘quvchilarning (5-sinfga qabul qilingan o‘quvchilar bo‘yicha) hujjatlari, o‘quvchining ota-onasini (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarni) xabardor qilgan holda, farzandi ta’lim oladigan umumta’lim maktabi ma’muriyatiga hududiy xalq ta’limi bo‘limlari orqali qaytariladi.

50. Ijodiy sinovlar natijalaridan norozi bo‘lgan o‘quvchilar sinov natijalari e’lon qilingan kundan boshlab bir ish kuni mobaynida ta’lim muassasasida belgilangan tartibda tashkil etiladigan apellatsiya komissiyasiga murojaat qilishlari mumkin.

51. Ijodiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar sinov o‘tkazilgan yilning 20-avgustiga qadar ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori buyrug‘i asosida o‘quvchilar safiga qabul qilinadi.

7-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarni boshqarish

52. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktorlarining o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan kelishilgan holda ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

53. Direktor:

ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

o‘quvchilarning sifatli o‘qitilishi va tarbiyalanishi, o‘quv rejalari va dasturlarining bajarilishi, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning o‘quv-metodik va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati uchun javob beradi;

xodimlar va o‘qituvchilarni ishga qabul qiladi va ishdan ozod qiladi;

belgilangan shtatlar jadvaliga asosan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida pedagog xodimlarning tarifikatsiya bo‘yicha ro‘yxatlarini O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.

Direktor qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

54. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda direktor huzurida o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish va takomillashtirishga ko‘maklashadigan kollegial organ hisoblanadigan pedagogik kengash tashkil etiladi.

Pedagogik kengashning vazifalari va funksiyalari ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar ustavida belgilanadi.

55. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning direktori va direktor o‘rinbosarlari malaka talablarida, mehnat shartnomasi (kontrakt)da va ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar ustavida nazarda tutilgan o‘z funksional vazifalarini bajarishi yuzasidan mas’uldirlar.

56. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarni boshqarish bo‘yicha vazifalari hisoblanadi:

ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatiga rahbarlik qilish va nazoratni tashkil etish, ularning tashkiliy-kadrlar va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Moliya vazirligi bilan kelishgan holda davlat ta’lim talablariga muvofiq, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning namunaviy o‘quv rejalari va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Moliya vazirligi bilan birgalikda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish, o‘qitishning zamonaviy shakl va namunalari, eng yangi pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, o‘quvchilarga global axborot-huquqiy va ta’lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat vazirligi, viloyatlar madaniyat boshqarmalari va Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘quvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun sifatli tayyorlashdagi roli va mas’uliyatini oshirish, shuningdek, bevosita ishtirokini ta’minlash;

ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga o‘qishga qabul qilish komissiyalari faoliyatini tashkil etish;

yakuniy davlat attestatsiyasini tashkil etish va ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplomlar berish.

57. Quyidagilar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarni boshqarish bo‘yicha vazifalari hisoblanadi:

o‘qituvchilar malakasini psixologik-pedagogik jihatdan oshirishni tashkil etishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan hamkorlik qilish;

tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlari hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalarini ta’lim dasturlariga hamda o‘quv jarayoniga joriy etish bo‘yicha ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish;

tasviriy va amaliy san’at yo‘nalishlari hamda umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘quv, o‘quv-metodik adabiyotlar va ko‘rgazmali qo‘llanmalar ishlab chiqish, nashr ettirish hamda ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning o‘quv-metodik ta’minlanishini tashkil etishda hamkorlik qilish.

8-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatini moliyalashtirish va moddiy-texnik ta’minlash

58. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatini moliyalashtirish quyidagilar hisobiga amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari;

ta’lim xizmatlari ko‘rsatishdan, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning ustavidagi vazifalariga muvofiq bo‘lgan faoliyatning boshqa turlaridan olingan daromadlar;

bo‘sh turgan bino va inshootlarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xorijiy davlatlarning kreditlari va xalqaro moliya tashkilotlari mablag‘lari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

59. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar mablag‘lardan qonunchilik hujjatlariga hamda o‘zining ustaviga muvofiq foydalanadi.

60. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning mol-mulki asosiy fondlar, aylanma mablag‘lar, moliyaviy resurslar, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning mustaqil balansida aks etgan boshqa moddiy qiymatliklardan iborat.

61. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning o‘quv, laboratoriya xonalari va boshqa obyektlarini jihozlash davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq, kasb-hunar ta’limi jarayonini moddiy-texnik ta’minlashning namunaviy normativlarida belgilanadi.

62. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar belgilangan tartibda o‘z ishlari natijalarining buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika va buxgalteriya hisobotlarini yuritadi.

9-bob. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda bolalar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovini undirish tartibi

63. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ota-onalar to‘lovi bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida undiriladi.

64. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi o‘quvchi ta’minoti uchun to‘lovning bir kunlik qiymati bir oylik to‘lov miqdorini shu oy mobaynidagi ish kunlari soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

65. O‘quvchining yoki oila a’zolarining kasalligi, karantin holatida bo‘lganligi tufayli o‘quvchi ixtisoslashtirilgan maktab-internatga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davri hamda o‘quv yili davomidagi ta’tillar (kuzgi, qishki, bahorgi) davri uchun to‘langan to‘lovlar keyingi oy uchun to‘lovni amalga oshirishda hisobga olinadi. Bunda o‘quvchining kelmagan kunlari soni bir kunlik to‘lov miqdoriga ko‘paytirilib, keyingi oy uchun to‘lov summasi chiqqan summaga kamaytiriladi. Agar o‘quvchining kelmagan kunlari uchun to‘lov hali amalga oshirilmagan bo‘lsa, joriy oy uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lov miqdori u kelmagan kunlar uchun hisoblangan to‘lov summasiga kamaytiriladi.

O‘quvchining yoki uning oila a’zolarining kasalligi, karantin holatida bo‘lganligi sababli o‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga kelmaganligi tegishli davolash-profilaktika muassasasi yoki uchastka shifokori tomonidan beriladigan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.

O‘quvchining uyda qolgan boshqa barcha holatlarda ixtisoslashtirilgan maktab-internatda o‘quvchi ta’minoti uchun to‘lovlar umumiy asoslarda to‘lanadi.

66. Ota-onaning (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) oldindan bergan yozma arizasiga asosan, o‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘lishi to‘lov to‘liq bo‘lmagan oy uchun, ya’ni o‘quvchi amalda bo‘lgan kunlar uchun to‘lanadi.

O‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘lishi vaqtincha yoki butunlay to‘xtatilishi to‘g‘risida ota-onaning (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) yozma arizasi bo‘lmagan holatlarda to‘lov to‘liq oy uchun hisoblanadi va umumiy asoslarda undiriladi.

O‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktab-internatda to‘lov to‘langan davrdan ortiq muddatda bo‘lishiga ushbu oy uchun to‘lovning qolgan qismi to‘langandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.

67. Yozgi ta’tillar davrida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda o‘quvchilar ta’minoti uchun to‘lov undirilmaydi.

68. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi o‘quvchilar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oilalar farzandlari to‘lovdan ozod qilinadi. Bunda birinchi navbatda ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (yoki ulardan biri) I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek, o‘rtacha oylik jami daromadi eng past darajada bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

69. To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga va tegishli ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi ota-onalar qo‘mitasining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

70. To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati u tasdiqlangandan keyin o‘quv yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

71. Mazkur Nizomni qo‘llash bilan bog‘liq ravishda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.

72. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

73. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar belgilangan tartibda tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-yanvardagi 9-son qaroriga
3-ILOVA

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlar to‘g‘risida
NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ixtisoslashtirilgan san’at maktablari hamda maktab-internatlarning (keyingi o‘rinlarda ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar deb ataladi) maqomi, maqsadi va vazifalarini, o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish hamda ta’lim muassasasini boshqarish tartibini belgilaydi.

2. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘quvchilarni mutaxassislik fanlariga kasbiy yo‘naltirishni hamda ularni kelgusida oliy ta’lim muassasalarida o‘qishini davom ettirishlari yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun maqsadli tayyorlashni nazarda tutadigan, davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari, o‘quv rejalari va ta’lim dasturlari talablariga muvofiq ravishda o‘quv-tarbiya jarayonini amalga oshiradigan davlat ta’lim muassasalari hisoblanadi.

3. Ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlar yuridik shaxs hisoblanadi, o‘z ustaviga, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi g‘aznachilik bo‘linmasida shaxsiy g‘azna hisob raqamiga, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhrga, shtampga, blankalarga ega bo‘ladi.

4. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, boshqa qonunchilik hujjatlariga, ushbu Nizomga, shuningdek, o‘z ustaviga amal qiladi.

5. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga umumiy rahbarlik qiladi, o‘quv-metodik jarayonni muvofiqlashtiradi va ularga axborot-resurs ta’minotida amaliy yordam ko‘rsatadi, tashkiliy, mutaxassis kadrlar bilan ta’minlash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘radi hamda faoliyatini nazorat qiladi.

2-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning maqsadi va vazifalari

6. O‘quvchilarni mutaxassislik fanlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirilgan holda o‘qitish, ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatining maqsadi hisoblanadi.

7. Quyidagilar ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning vazifalari hisoblanadi:

tasviriy va amaliy san’at, dizayn va musiqa, shuningdek, musiqa ijrochiligi sohalaridagi mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quvchilarga chuqurlashtirilgan ta’lim berishni ta’minlash;

o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish va faollashtirish;

o‘quvchilarning oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun yetarli sharoit yaratish hamda tanlagan kasbi va ixtisosligiga muvofiq mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yuqori darajada sifatli bilimlar olishini va kasbiy tayyorgarligini ta’minlaydigan davlat ta’lim talablari doirasida ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlarini amalga oshirish;

o‘quvchilarning har tomonlama kamol topishi uchun qulay shart-sharoitlar, shu jumladan o‘quvchilarning o‘z ustida mustaqil ishlashi va qo‘shimcha bilim olishi uchun imkoniyatlar yaratish;

har tomonlama kamol topgan shaxsni tarbiyalash, unda estetik qadriyatlarni va vatanparvarlikni shakllantirish;

bolalar san’atini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, iste’dodli va iqtidorli bolalarni san’atga jalb etish, ularning individual xususiyatlarini rivojlantirish va salohiyatini oshirish;

iste’dodli va iqtidorli bolalarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish, tarbiyalash, san’at va musiqa sohasida qobiliyatini shakllantirishga va to‘liq darajada amalga oshirishga ko‘maklashuvchi muhit yaratish;

o‘quvchilarni kasb-hunarga barvaqt yo‘naltirish va kasbiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirishni ongli ravishda tanlash uchun asos yaratish;

iqtidorli va qobiliyatli o‘quvchilarni tanlash hamda tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha chuqur fundamental bilim olishlariga imkoniyat yaratish;

o‘quvchilarga tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha intellektual va ijodiy faoliyatini shakllantirishda yordam berish;

mutaxassislik bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni egallab borishlarida ko‘maklashish, oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun ixtisosliklar bo‘yicha fundamental tayyorgarlikni amalga oshirish.

3-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etish

8. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘quv jarayoni va fan dasturlarini ishlab chiqish, amaliyotlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, o‘quv-tarbiyaviy ishlarni hamda o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishning boshqa masalalari davlat ta’lim talablarini hamda ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olib, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

9. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘quv jarayonining davomiyligi va muddatlari belgilangan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan o‘quv rejalari, ta’lim dasturlari, kalendar o‘quv jadvallari bilan tartibga solinadi.

10. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan kelishilgan holda mutaxassislik fanlarining xususiyatlaridan kelib chiqib, ixtisoslik namunaviy o‘quv rejalarini tuzishda umumiy o‘rta ta’lim fanlarining namunaviy o‘quv rejalariga o‘zgartirish kiritishi mumkin.

11. Maktab-internatlarda ta’lim jarayoni umumta’lim dasturining quyidagi ikki bosqichiga muvofiq olib boriladi:

boshlang‘ich ta’lim (1 — 4-sinflar);

umumiy o‘rta ta’lim (5 — 11-sinflar).

Ixtisoslashtirilgan maktablarda umumiy o‘rta ta’lim 8 — 11-sinflardan iborat bo‘ladi.

12. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda boshlang‘ich ta’lim o‘quvchilarining o‘qish, yozish, hisoblashga oid dastlabki bilim ko‘nikmalarini, nazariy fikrlash elementlarini, nutq asoslarini shakllantiradi, shaxsiy gigiyena va sog‘lom turmush tarzini ta’minlashga asos yaratadi.

13. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda birinchi sinflarga ruhan va jismonan o‘qishga tayyor, tibbiy-pedagogik komissiya ko‘rigidan o‘tgan, tasviriy va musiqa san’ati bo‘yicha qobiliyati bor 7 yoshli bolalar tanlov asosida qabul qilinadi. Bolalarni qabul qilish o‘quv yili boshlangunga qadar amalga oshiriladi va buyruq bilan rasmiylashtiriladi.

14. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda tasviriy va amaliy san’at, dizayn hamda musiqa ijrochiligi mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim beriladi.

15. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlardagi ta’lim o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida olib boriladi.

16. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda sinflardagi o‘quvchilar soni akademik ta’lim talablaridan kelib chiqqan holda 25 — 30 nafar etib shakllantiriladi.

Mutaxassislik fanlarida ixtisoslashtirilgan fanlar bo‘yicha o‘quvchilarga kichik guruhlarda hamda yakka (individual) tartibda mashg‘ulotlar olib boriladi.

Mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha guruhlar va yakka ta’limning shakllanishi mutaxassislik fanlari o‘quv rejalari izohida belgilanadi.

17. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘quvchilarini boshqa umumta’lim muassasalariga o‘tkazish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

18. Boshqa umumta’lim maktablaridan o‘quvchilarni ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga o‘tkazish bo‘sh o‘ringa tanlov asosida amalga oshiriladi.

19. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar bitiruvchilariga mutaxassislik bo‘yicha o‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi kasb malakasi ko‘rsatilgan diplom beriladi.

O‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning bitiruvchilariga mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqini beradi.

20. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar o‘quvchilariga tibbiy xizmat ko‘rsatish maxsus biriktirilgan tibbiy xodim tomonidan amalga oshiriladi va tibbiy xodim ma’muriyat bilan teng ravishda o‘quvchilar sog‘lig‘i uchun mas’uldir.

21. Tegishli oliy ma’lumotga, kasbiy tayyorgarlikka va axloqiy sifatlarga ega bo‘lgan shaxslar ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga egadirlar.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga o‘qituvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.

Oliy ma’lumotli bakalavr darajasidagi mutaxassislarga, shuningdek, istisno tariqasida, o‘rta maxsus ma’lumotli mutaxassislarga (oliy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar bilan ta’minlangunga qadar) konsertmeysterlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

22. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning direktorlarini attestatsiyadan o‘tkazish belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

23. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning:

umumta’lim fanlari bo‘yicha o‘qituvchilari — Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy institutlarida bepul asosda reja asosida;

mutaxassislik fanlari bo‘yicha pedagog xodimlar — O‘zbekiston Badiiy akademiyasi huzuridagi Badiiy ta’lim yo‘nalishlarida pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish markazida, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazida reja asosida bepul malaka oshiradilar.

4-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga o‘quvchilarni qabul qilish

24. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan belgilangan qabul kvotalariga ko‘ra o‘quvchilar:

ixtisoslashtirilgan maktablarning tayyorlov yo‘nalishlariga — 8-sinfdan, bolalar musiqa va san’at maktablarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi guvohnomaga ega bo‘lgan o‘quvchilar hamda (o‘quvchi va ularni ota-onalarining hamda ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning xohish-istaklarini inobatga olib) umumiy o‘rta ta’lim maktablarining o‘quvchilari ijodiy sinovlar orqali — 10-sinfdan;

ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarga — tegishli ravishda 1 va 5-sinflardan ijodiy sinovlar orqali o‘qishga qabul qilinadi.

25. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda har bir yangi o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish, rasmiylashtirish va tegishli kasb va ixtisoslik bo‘yicha ijodiy sinovlar o‘tkazish hamda ota-onalarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda komissiya deb ataladi) tuziladi.

Komissiya tarkibi 7 nafardan kam bo‘lmagan toq miqdorda tashkil etiladi, uning tarkibiga ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi direktori, tegishli bo‘lim mudiri, ta’lim muassasasining mutaxassis o‘qituvchilari kiritiladi.

Komissiya tarkibi bo‘ysunuviga ko‘ra tegishli vazirlik yoki idoralar bilan kelishilgan holda ta’lim muassasasining direktori tomonidan tasdiqlanadi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktori komissiya raisi hisoblanadi.

26. Komissiyaning ish faoliyatini rejalashtirish, muvofiqlashtirish va hisobotlarni yuritish bo‘yicha mas’ul kotibni ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning direktori O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi.

27. Komissiya har bir kasb bo‘yicha boshlang‘ich tayyorgarlikka ega bo‘lgan o‘quvchilarning kasbiy mahorati va layoqatini aniqlashda ijodiy sinov uchun tegishli bo‘limlar tomonidan ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tasdiqlangan tanlov shartlariga asoslanadi. Ushbu shartlarni amalda qanday bajarishiga qarab o‘quvchiga ijodiy sinov ballari qo‘yiladi.

28. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning rahbariyatlari tanlovni oshkora va sifatli o‘tkazish maqsadida hujjatlarni qabul qilish boshlanishidan kamida 1 oy oldin tanlov yo‘nalishlari va shartlari haqida ommaviy axborot vositalarida (respublika, viloyat va tuman (shahar) miqyosida) e’lon beradi.

29. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga kirish uchun hujjatlar har yili 1 — 30-iyun kunlari qabul qilinadi.

30. Tanlovda ishtirok etish uchun o‘quvchilardan quyidagi hujjatlar talab etiladi:

ixtisoslashtirilgan maktab yoki maktab-internat direktori nomiga ariza;

tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

7-sinf yakuni bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari haqida tabel;

bolalar musiqa va san’at maktablarini tamomlaganlik to‘g‘risidagi guvohnoma hamda 9-sinfni tamomlaganligi haqida shahodatnoma;

086-U va 0-63 shakllar bo‘yicha tibbiy ma’lumotnomalar;

3x4 hajmdagi 6 ta fotosurat;

ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘quvchining iste’dod va iqtidorini ko‘rsatuvchi ishlaridan (agar ular mavjud bo‘lsa) namunalar (diplom, faxriy yorliq, fotosurat hamda boshqa ijodiy ishlar namunalari).

31. Ixtisoslashtirilgan maktablarga tanlovlar yilning 5 — 20-iyul kunlari, maktab-internatlarga esa 1 — 10-iyun kunlari o‘tkaziladi.

32. Komissiya tomonidan tasdiqlangan jadval asosida ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarga qabul qilish bo‘yicha murojaat qiluvchilar uchun maslahat markazlari tashkil etiladi.

33. Ijodiy sinov shartlari va talablari ixtisoslashtirilgan maktablarning yetakchi mutaxassislari tomonidan har bir yo‘nalish xususiyatini inobatga olgan holda ishlab chiqiladi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

34. Ijodiy sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar sinov o‘tkazilgan yilning 20-avgustiga qadar ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktori buyrug‘i asosida o‘quvchilar safiga qabul qilinadi.

5-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarni boshqarish

35. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarga O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va lavozimdan ozod etiladigan direktor rahbarlik qiladi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktorlarining o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan holda, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar direktorlari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.

36. Direktor:

ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

o‘quvchilarning sifatli o‘qitilishi va tarbiyalanishi, o‘quv rejalari va ta’lim dasturlarining bajarilishi, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning o‘quv-metodik va moliyaviy-xo‘jalik faoliyati uchun javob beradi;

o‘z o‘rinbosarlarining o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi va ularning javobgarligi darajasini belgilaydi;

o‘z vakolatlari doirasida ta’lim muassasasining barcha xodimlari uchun majburiy bo‘lgan buyruqlar chiqaradi va ko‘rsatmalar beradi;

o‘quv, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘quv-tarbiya ishlarini takomillashtirish, malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ta’lim muassasasi faoliyatining boshqa masalalari bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasiga kiritadi;

belgilangan shtatlar jadvaliga asosan xodimlar soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida pedagog xodimlarning tarifikatsiya bo‘yicha ro‘yxatlarini O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan kelishilgan holda tasdiqlaydi;

xodimlar va o‘qituvchilarni ishga qabul qiladi va ishdan ozod etadi.

Direktor qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

37. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda o‘quv-tarbiyaviy jarayonni tashkil etish va takomillashtirishga ko‘maklashadigan kollegial organ hisoblanadigan pedagogik kengash tashkil etiladi.

Pedagogik kengashning vazifalari va funksiyalari ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar ustavida belgilanadi.

Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarda metodik va vasiylik kengashlari ham tuzilishi mumkin.

6-bob. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning mol-mulki va moliya-xo‘jalik faoliyati

38. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar faoliyatini moliyalashtirish quyidagi manbalar hisobiga amalga oshiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

ta’lim xizmatlari ko‘rsatishdan, ilmiy-pedagogik, ishlab chiqarish va ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning ustavidagi vazifalariga muvofiq bo‘lgan faoliyatning boshqa turlaridan olingan daromadlar;

bo‘sh turgan bino va inshootlarni ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xorijiy davlatlar xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlari;

qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

39. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar mablag‘lardan qonunchilik hujjatlariga hamda o‘z ustaviga muvofiq foydalanadi.

40. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning mol-mulki asosiy fondlar, aylanma mablag‘lar, moliyaviy resurslar, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning mustaqil balansida aks etgan boshqa moddiy qiymatliklardan iborat bo‘ladi.

41. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlarning o‘quv, laboratoriya xonalari va boshqa obyektlarini jihozlash davlat ta’lim standartlari talablariga muvofiq, kasb-hunar ta’limi jarayonini moddiy-texnik jihatdan ta’minlashning namunaviy normativlarida belgilanadi.

42. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar belgilangan tartibda buxgalteriya hisobini amalga oshiradi, statistika va buxgalteriya hisobotlarini yuritadi.

7-bob. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda o‘quvchilar ta’minoti uchun ota-onalar to‘lovini undirish tartibi

43. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda ota-onalar to‘lovi yotoqxonada yashaydigan o‘quvchilardan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida undiriladi.

44. Yozgi ta’tillar davrida ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda o‘quvchilar ta’minoti uchun to‘lov undirilmaydi.

45. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda o‘quvchi ta’minoti uchun to‘lovning bir kunlik qiymati bir oylik to‘lov miqdorini shu oy mobaynidagi ish kunlari soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.

46. O‘quvchining yoki oila a’zolarining kasalligi, karantin holatida bo‘lganligi tufayli o‘quvchining maktab-internatga ketma-ket uch kundan ortiq kelmagan davri hamda o‘quv yili davomidagi ta’tillar (kuzgi, qishki, bahorgi) davri uchun to‘langan to‘lovlar keyingi oy uchun to‘lovni amalga oshirishda hisobga olinadi. Bunda o‘quvchining kelmagan kunlari soni bir kunlik to‘lov miqdoriga ko‘paytirilib, keyingi oy uchun to‘lov summasi chiqqan summaga kamaytiriladi. Agar o‘quvchining kelmagan kunlari uchun to‘lov hali amalga oshirilmagan bo‘lsa, joriy oy uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan to‘lov miqdori u kelmagan kunlar uchun hisoblangan to‘lov summasiga kamaytiriladi.

O‘quvchining yoki uning oila a’zolarining kasalligi, karantin holatida bo‘lganligi tufayli o‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktab-internatga kelmaganligi tegishli davolash-profilaktika muassasasi yoki uchastka shifokori tomonidan beriladigan ma’lumotnoma bilan tasdiqlanishi shart.

O‘quvchining uyda qolgan boshqa barcha holatlarda ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda o‘quvchi ta’minoti uchun to‘lovlar umumiy asoslarda to‘lanadi.

47. Ota-onaning (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) oldindan bergan yozma arizasiga asosan, o‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘lishi vaqtinchalik yoki butunlay to‘xtatilgan taqdirda, to‘lov to‘liq bo‘lmagan oy uchun, ya’ni o‘quvchi amalda maktab-internatda bo‘lgan kunlar uchun to‘lanadi.

O‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktab-internatda bo‘lishi vaqtincha yoki butunlay to‘xtatilishi to‘g‘risida ota-onaning (yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarning) yozma arizasi bo‘lmagan holatlarda to‘lov to‘liq oy uchun hisoblanadi va umumiy asoslarda undiriladi.

O‘quvchining ixtisoslashtirilgan maktab-internatda to‘lov to‘langan davrdan ortiq muddatda bo‘lishiga ushbu oy uchun to‘lovning qolgan qismi to‘langandan so‘ng yo‘l qo‘yiladi.

48. Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi o‘quvchilar umumiy sonining 15 foizi doirasida kam ta’minlangan oila farzandlari, chin yetim yoki boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilar to‘lovdan ozod qilinadi. Bunda, birinchi navbatda, ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar (yoki ulardan biri) I yoxud II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsi bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga, shuningdek, jami o‘rtacha oylik daromadi eng past bo‘lgan kam ta’minlangan oila farzandlariga imtiyoz beriladi.

49. To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlari ro‘yxati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan oilaning mulkiy ahvoli to‘g‘risidagi ma’lumotnomaga va tegishli ixtisoslashtirilgan maktab-internatlardagi ota-onalar kengashining xulosasiga asosan aniqlanadi va shakllantiriladi.

50. To‘lovdan ozod qilinadigan kam ta’minlangan oila farzandlarining tasdiqlangan ro‘yxati o‘quv yili davomida qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

8-bob. Yakunlovchi qoidalar

51. Mazkur Nizomni qo‘llash bilan bog‘liq yuzaga keladigan kelishmovchiliklar qonunchilik hujjatlariga muvofiq hal etiladi.

52. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

53. Ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlar belgilangan tartibda tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.