O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida aktyorlik san’ati ta’lim yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limni tashkil etish to‘g‘risida

Respublikadagi barcha teatrlarni yetuk va malakali mutaxassislar bilan ta’minlash, teatrlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish va ularni tayyorlash tizimini sifatli tashkil etishni yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida (keyingi o‘rinlarda Institut deb ataladi) aktyorlik san’ati ta’lim yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘limni tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi Institutda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab aktyorlik san’ati ta’lim yo‘nalishida maxsus sirtqi bo‘lim uchun qabul kvotalarini belgilangan tartibda shakllantirsinlar.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida” 2017-yil 16-noyabrdagi PQ-3389-son qaroriga muvofiq 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Institutning aktyorlik san’ati ta’lim yo‘nalishidagi maxsus sirtqi bo‘limga ushbu yoki turdosh ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga, teatr va boshqa madaniyat muassasalarida ta’lim yo‘nalishiga muvofiq kamida uch yil amaliy ish stajiga hamda belgilangan tartibda tavsiyanomaga ega bo‘lgan iqtidorli abituriyentlarni qabul qilish kirish test sinovlarisiz, ijodiy imtihonlar orqali amalga oshiriladi;

Institutda maxsus sirtqi ta’lim jarayonini tashkil etish Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom asosida amalga oshiriladi;

maxsus sirtqi ta’lim shaklida o‘qish to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab Institutning maxsus sirtqi bo‘limiga talabalarni qabul qilish jarayoni yuqori saviyada tashkil etilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi 2018-yil 1-iyungacha:

maxsus sirtqi bo‘lim o‘quv rejasi va fan dasturlarini tasdiqlash, shuningdek, ularga muvofiq fanlarni o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlash;

maxsus sirtqi bo‘limda dars berishga yuqori salohiyatga ega bo‘lgan yetakchi mutaxassislar va professor-o‘qituvchilarni jalb etish choralarini ko‘rsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q.V. Akmalov, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri B.S. Sayfullayev zimmalariga hamda Vazirlar Mahkamasining Madaniyat, san’at va yoshlar siyosati masalalari axborot-tahlil departamentiga yuklansin.

Vazirlar Mahkamasining Raisi A. ARIPOV

Toshkent sh.,
2017-yil 11-dekabr,
977-son