Baxshichilik, an’anaviy xonandalik, sozandalik va fortepiano ijrochilik yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish va tahsil olayotgan talabalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, 2022-yil 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyev rahbarligida 30-iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda berilgan topshiriqlarning 54-sonli bayoni 3-bandiga muvofiq, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab:
maqom xonandaligi, maqom cholg‘u ijrochiligi va baxshichilik yo‘nalishlariga yangi qabul qilingan talabalarning shartnoma to‘lovlari davlat tomonidan to‘liq qoplab berilishi;
fortepiano ijrochilarini tayyorlash bo‘yicha qabul kvotasini 3 baravarga ko‘paytirib, talabalarning kontrakt to‘lovlarini to‘liq qoplab berilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
ilovaga muvofiq tasdiqlangan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga kiritilgan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga yangi qabul qilingan birinchi bosqich talabalarining (keyingi o‘rinlarda — talabalarning) 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt (stipendiyasiz) summasi 2022-yil 15-noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida;
kelgusi o‘quv yilidan boshlab esa 15-sentabrga qadar Madaniyat vazirligiga Davlat budjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan qo‘shimcha mablag‘lar hisobidan qoplanadi;
talabalarning to‘lov-kontrakt summasi uchun ajratiladigan mablag‘lar hajmi Madaniyat vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalariga budjet tizimi budjetlari xarajatlarining iqtisodiy tasnifi bo‘yicha 48 21 190 “Boshqa xarajatlar” moddasida bir satrda rejalashtirilgan holda aks ettiriladi;
talabalarning to‘lov-kontrakt summasi uchun ajratilgan mablag‘lar oliy ta’lim muassasalarining budjetdan tashqari (to‘lov-kontrakt) mablag‘lari bo‘yicha shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga o‘tkaziladi hamda belgilangan tartibda sarflanadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi uch kun muddatda to‘lov-kontrakt summasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qishga yangi qabul qilingan talabalarning ro‘yxatini shakllantirsin hamda to‘lov-kontrakt summalarini tegishli oliy ta’lim muassasalariga o‘tkazib berilishini ta’minlasin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan kelishilgan holda haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqib O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga “Fortepiano (organ)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrini 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab uch baravargacha oshirgan holda tasdiqlasin.
5. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri A.A. Abduxakimov hamda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov zimmasiga yuklansin.
| T/r | Ta’lim yo‘nalishi shifri | Ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari |
|---|---|---|
| 1 | 60112400 | Professional ta’lim: vokal san’ati (an’anaviy xonandalik) cholg‘u ijrochiligi (an’anaviy cholg‘ular) |
| 2 | 60211400 | Vokal san’ati (an’anaviy xonandalik) |
| 3 | 60211500 | Cholg‘u ijrochiligi: (an’anaviy cholg‘ular) |
| 4 | 60211900 | Baxshichilik va dostonchilik |
| 5 | 60211501 | Fortepiano (organ) |