O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 15-sentabrdagi PQ-3276-son va “Ta’lim sifatini nazorat qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 16-yanvardagi PQ-4119-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va 2019-yil 1-sentabrdan boshlab amaliyotga joriy etilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 18-iyuldagi 515-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QHT, 2017-y., 29-son, 698-modda) 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
5. Ushbu qarorning 2 va 3-bandlari 2019-yil 1-sentabrdan boshlab kuchga kiradi.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U.N. Tashkenbayev zimmasiga yuklansin.
1. Ushbu Nizom “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat’i nazar O‘zbekiston Respublikasining maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar, maktabdan tashqari, oliy, oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash davlat ta’lim muassasalarini hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini (keyingi o‘rinlarda — ta’lim tashkilotlari) attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan (keyingi o‘rinlarda — akkreditatsiya) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
2. Ta’lim tashkilotlari attestatsiyasi (keyingi o‘rinlarda attestatsiya deb ataladi) va akkreditatsiyasi O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida“gi Qonunida hamda ushbu Nizomda belgilangan talablar asosida o‘tkaziladi.
Ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va akkreditatsiyadan o‘tkazish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
3. Ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (keyingi o‘rinlarda Davlat
inspeksiyasi deb ataladi) tomonidan attestatsiyaga asosan amalga oshiriladi.
Attestatsiya ta’lim tashkilotining faoliyatini baholashda davlat nazoratining asosiy shakli hisoblanadi va ta’lim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat ta’lim standartlari hamda davlat ta’lim talablariga hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligini aniqlashdan iborat.4. Attestatsiyaning asosiy prinsiplari quyidagilar hisoblanadi:
mustaqillik;
xolislik;
oshkoralik;
shaffoflik;
odillik;
davriylik.
5. Akkreditatsiya ta’lim tashkilotlari faoliyatining davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablariga hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligining davlat tomonidan e’tirof etilishi hamda ularning bitiruvchilariga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjatlarni topshirish huquqini berishdan iborat.
6. Yangi tashkil etilgan ta’lim tashkilotlari ular tashkil etilgan paytdan boshlab 5 yil muddatga akkreditatsiyadan o‘tgan deb hisoblanadi.
Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari tashkil etilgan paytdan boshlab 6 yil muddatga akkreditatsiyadan o‘tgan deb hisoblanadi.
Belgilangan muddatlar tugaganidan so‘ng ta’lim tashkilotlari akkreditatsiyadan o‘tkazilishi shart.
7. Litsenziyaga ega bo‘lgan nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan davlat namunasidagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat davlat ta’lim standartlari yoki davlat ta’lim talablari asosida ta’lim olgan bitiruvchilarga beriladi.
Davlat ta’lim standartlari yoki davlat ta’lim talablaridan tashqari ta’lim dasturlari asosida ta’lim olgan nodavlat ta’lim tashkilotlari bitiruvchilariga davlat namunasidagi ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat berilmaydi.
8. Ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish quyidagi bosqichlardan iborat:
attestatsiyadan o‘tkazish jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish;
ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish va uning natijalarini tahlil qilish;
attestatsiya natijalariga ko‘ra ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha qaror qabul qilish;
attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish chora-tadbirlarini belgilash;
attestatsiya natijalari bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar ijrosini nazorat qilish.
9. Davlat inspeksiyasi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda tizimida davlat ta’lim muassasalari bo‘lgan boshqa vazirliklar va idoralar bilan kelishgan holda ushbu Nizom talablaridan kelib chiqib ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarini ishlab chiqadi hamda attestatsiya ular asosida o‘tkaziladi.
10. Attestatsiya Davlat inspeksiyasi tomonidan tashkil etiladi.
Attestatsiya ta’lim tashkilotlarining faoliyatini ichki va tashqi baholashdan iborat ikki bosqichda amalga oshiriladi.
Ta’lim tashkilotlarining faoliyatini ichki baholash ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘zini o‘zi baholash hisoblanadi.
Ta’lim tashkilotlarining faoliyatini tashqi baholash ichki baholash o‘tkazilganidan keyin ta’lim tashkilotlari faoliyatiga Davlat inspeksiyasi tomonidan baho berish hisoblanadi.
11. Quyidagilar ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholashning asosiy maqsadi hisoblanadi:
ta’lim tashkilotlari yoki ta’lim dasturlarini (ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kasblar va kurslar) attestatsiya ko‘rsatkichlari va mezonlari asosida baholash;
ta’lim tashkilotlarida ta’lim sifati va mazmunining davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligini aniqlash;
ta’lim tashkilotlarining faoliyatidagi mavjud muammolar va kamchiliklarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish;
ta’lim tashkilotlarini tashqi baholashdan o‘tkazishga tayyorlash.
12. Ichki baholash oliy ta’lim muassasalarida ushbu muassasalarning ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limlari tomonidan, boshqa ta’lim tashkilotlarida ta’lim tashkilotlari rahbarlarining buyrug‘i bilan tashkil etiladigan ichki baholash komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
13. Komissiyalar tomonidan ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash tashqi baholashdan kamida ikki oy oldin o‘tkaziladi.
14. Ta’lim tashkilotlarining faoliyatini tashqi baholashdan o‘tkazish uchun ekspert komissiyalari tashkil etiladi.
15. Ekspert komissiyalari tomonidan ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash quyidagi muddatlarda o‘tkaziladi:
maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarida — 3 ish kunigacha;
professional ta’lim tashkilotlarida — 6 ish kunigacha;
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlarida — 10 ish kunigacha;
oliy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlarida — 12 ish kunigacha.
16. Ta’lim tashkilotlari yoki ta’lim dasturlari (ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kasblar va kurslar) 5 yilda bir marta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
Ta’lim tashkilotlari tarkibidagi filiallar va oliy ta’lim tashkilotlari tarkibidagi oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti attestatsiyasi ta’lim tashkilotlari attestatsiyasi bilan bir vaqtda o‘tkaziladi.
17. Attestatsiya jarayonida ta’lim turlari bo‘yicha ta’lim tashkilotlarining oxirgi ikki yillik faoliyatini kompleks tahlil qilish asosida quyidagilarga alohida e’tibor beriladi:
1) maktabgacha ta’lim tashkilotlarida:
ta’lim-tarbiya jarayonining davlat ta’lim talablariga muvofiq tashkil etilganligi;
tarbiyalanuvchilarning rivojlanish darajasi;
rahbar va tarbiyachi-pedagog kadrlar salohiyati;
moddiy-texnika bazaning holati va tarbiyalanuvchilar rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlar;
sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga, estetik talablarga rioya qilinishi hamda ovqatlantirish sifati;
milliy, madaniy-tarixiy qadriyatlarni aks ettiruvchi va kitob o‘qishga qiziqishni uyg‘otuvchi o‘quv-metodik, didaktik materiallar, o‘yin va o‘yinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanish holati;
maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati yuzasidan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari;
ta’limning keyingi bosqichiga tayyorlash dasturlarining ijrosi;
2) umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida:
tashkiliy-boshqaruv faoliyatining samaradorligi;
ta’lim jarayoniga davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarining joriy etilganligi;
o‘quvchilar bilim darajalarining davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlariga muvofiqligi;
o‘quvchilarning darslik hamda metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanganlik darajasi;
pedagog kadrlar salohiyati;
ta’lim jarayoniga zamonaviy o‘qitish usullari va axborot texnologiyalarining joriy etilganligi;
moddiy-texnik ta’minoti;
ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish sifati;
o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarining va ularga kasbiy ta’lim berilishining sifati;
xalqaro va respublika fan olimpiadalarida ishtirok etish holati va ularda sovrindor bo‘lgan o‘quvchilar salmog‘i;
reyting baholash tizimining qo‘llanilish sifati;
bitiruvchilarning oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi holati;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkiloti faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari;
3) maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarida:
a) musiqa va san’at ta’limi tashkilotlarida:
ta’lim jarayoniga davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlarining joriy etilganligi;
ta’lim oluvchilar bilim darajalarining davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiqligi;
o‘quv-metodik ishlarning olib borilishi va o‘quvchilarning cholg‘ular, notalar hamda metodik qo‘llanmalar bilan ta’minlanganligi darajasi;
madaniy-ommaviy tadbirlarning tashkil etilishi holati;
pedagog kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi va pedagog kadrlar salohiyati;
moddiy-texnika ta’minoti va uning ta’lim yo‘nalishlariga mosligi;
xalqaro va respublika ko‘rik-tanlovlari hamda festivallari g‘oliblari bo‘lgan o‘quvchilar salmog‘i;
b) bolalar-o‘smirlar sporti ta’lim tashkilotlarida:
sportchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarining davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligi;
sport musobaqalarini o‘tkazish kalendar rejasining tuzilganligi va uning bajarilishi holati;
pedagog kadrlar va trenerlar bilan ta’minlanganlik darajasi;
sport turlari bo‘yicha sport bazasining mavjudligi, sport anjomlari va jihozlari bilan ta’minlanganlik darajasi;
respublika va hududiy terma jamoalarning asosiy va o‘rinbosarlar tarkibiga nomzodlarni tayyorlash darajasi;
sport ta’lim tashkiloti terma jamoasining xalqaro, respublika va hududiy sport musobaqalarida erishgan natijalari;
sport ta’lim tashkilotida tashkil etilgan sport tadbirlari tahlili;
sport turlari bo‘yicha o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasi;
ta’lim oluvchilarni sport tayyorlov guruhining keyingi bosqichlarida saqlab qolish monitoringi;
o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni targ‘ib qilishning holati;
v) boshqa maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarida:
ta’lim oluvchilar bilim darajalarining davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlariga muvofiqligi;
madaniy-ommaviy tadbirlarning samaradorligi;
maktabdan tashqari ta’lim tashkilotining ta’lim sohasiga mos jihozlanishi va ulardan foydalanish darajasi;
pedagog kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi va pedagog kadrlar salohiyati;
4) professional ta’lim tashkilotlarida:
o‘quv-tarbiyaviy jarayonning davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlariga muvofiq tashkil etilganligi;
o‘quvchilarning o‘quv rejasidagi fanlarni o‘zlashtirish darajasi (bilimi);
pedagog, muhandis-pedagog kadrlar bilan ta’minlanganlik darajasi va ularning sifat tarkibi;
o‘quv rejasidagi fanlar bo‘yicha zarur o‘quv adabiyotlari (darslik, o‘quv qo‘llanma, ma’ruzalar to‘plami, metodik qo‘llanma, elektron darsliklar) mavjudligi hamda kutubxona yoki axborot-resurs markazi fondining ular bilan to‘ldirilganligi;
kutubxonaning yoki axborot-resurs markazining o‘qitish tiliga mos holda o‘quv, metodik, siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy va badiiy adabiyotlar bilan boyitilishi;
moddiy-texnika ta’minoti va ulardan o‘quv jarayonida foydalanish holati;
zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarning o‘quv jarayonida qo‘llanilishi;
respublika va xalqaro miqiyosdagi kasbiy ko‘rik-tanlovlar g‘oliblari salmog‘i;
ta’limning fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasi;
kasbga yo‘naltirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarining samaradorligi, ta’lim tashkilotiga o‘quvchilar qabul qilish jarayonining tashkil etilishi va amalga oshirilishi;
bitiruvchilarning ta’limning keyingi bosqichlariga o‘qishga kirishi hamda ishga joylashishi darajasi;
ma’naviy-ma’rifiy ishlarning tashkil etilganligi va uning samarasi;
o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishi holati;
5) oliy ta’lim tashkilotlarida:
tashkiliy-boshqaruv faoliyatining samaradorligi;
davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarining o‘quv jarayoniga joriy etilishi;
talabalarning fan dasturlarini o‘zlashtirish darajasi (bilimi);
professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik salohiyati va ular mutaxassisliklarining (ixtisosliklarining) dars berayotgan fanlariga muvofiqligi;
talabalarning darslik (elektron darslik) va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanganligi darajasi, elektron kutubxona tizimining mavjudligi, undan foydalanish samaradorligi va mustaqil ta’lim bo‘yicha axborot resurslaridan foydalanish imkoniyatining yaratilganligi;
moddiy-texnika ta’minoti, o‘quv laboratoriyalarining zamonaviy asbob-uskunalar bilan hamda foydali o‘quv-laboratoriya maydoni bilan ta’minlanganligi darajasi;
elektron ta’limning joriy etilishida zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarning qo‘llanilishi;
ta’limning ishlab chiqarish va ilm-fan bilan integratsiyasi;
ilmiy-tadqiqot faoliyati;
ma’naviy-ma’rifiy faoliyati;
bitiruvchilarning ta’limning keyingi bosqichlariga o‘qishga yoki ishga joylashishi;
xalqaro hamkorlikning yo‘lga qo‘yilganligi;
abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish jarayonining tashkil etilishi va amalga oshirilishi;
bitiruvchilar tomonidan bitiruv malakaviy ishlari va magistrlik dissertatsiyalari bajarilishi (sifati), yakuniy davlat attestatsiyasiga oid faoliyat va uning natijalari;
ish beruvchilarning bitiruvchilar bilimi, malakasi va ko‘nikmalaridan qoniqishi holati;
6) oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlarida:
davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlarining ta’lim jarayoniga joriy etilishi;
ilmiy rahbar va maslahatchilar tarkibining sifat ko‘rsatkichlari hamda ularning ilmiy-tashkiliy faoliyati natijalari;
ta’limni amalga oshirish jarayoniga jalb etilgan pedagog va ilmiy xodimlarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi e’tirof etgan jurnallarda, shuningdek, xorijiy nashrlarda ilmiy maqolalarni chop etish faoliyati;
ilmiy-eksperimental, moddiy-texnika bazaning holati;
doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ijtimoiy, ilmiy, ijodiy hamda loyihalash ishlarini olib borishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar;
doktorant va mustaqil izlanuvchilar shaxsiy ish rejalarining bajarilishi, hisobotlarining oliy ta’lim tashkilotlarining yoki ilmiy-tadqiqot muassasalarining kollegial organlarida (ilmiy kengash, kengash, ilmiy-texnikaviy kengash, ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengash va boshqalarda) muhokama qilinganligi hamda tasdiqlangan rejaga mos deb topilganligi;
doktorant va mustaqil izlanuvchilar faoliyati samaradorligi monitoringining olib borilishi holati;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutini bitirgan doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning falsafa doktori (PhD) va fan doktori (Doctor of Science) dissertatsiyalarini himoya qilishi holati;
7) kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlarida:
tashkiliy-boshqaruv faoliyatining samaradorligi;
davlat ta’lim talablari va o‘quv dasturlarining o‘quv jarayoniga joriy etilishi;
moddiy-texnika ta’minoti;
pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik salohiyati;
o‘quv jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi;
ta’limning ishlab chiqarish bilan integratsiyasi hamda xalqaro hamkorlik faoliyati;
bitiruv imtihonlari, malaka va bitiruv ishlarining bajarilishi;
malaka oshirish va qayta tayyorlash yakuni bo‘yicha diplomlar, guvohnomalar, sertifikatlar rasmiylashtirilishi va berilishi.
18. Nodavlat ta’lim tashkilotlari hamda o‘zini o‘zi to‘liq moliyalashtiradigan davlat ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun quyidagi miqdorlarda yig‘im undiriladi:
maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim bo‘yicha — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari;
o‘rta maxsus va professional ta’lim bo‘yicha tegishliligiga ko‘ra attestatsiyaga jalb etiladigan har bir ta’lim yo‘nalishi va kasb uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari;
oliy ta’lim bo‘yicha attestatsiyaga jalb etiladigan har bir ta’lim yo‘nalishi va mutaxassislik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n ikki baravari;
oliy ta’limdan keyingi ta’lim bo‘yicha attestatsiyaga jalb etiladigan har bir ixtisoslik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining olti baravari;
malaka oshirish va qayta tayyorlash ta’limi bo‘yicha attestatsiyaga jalb etiladigan har bir kurs uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari.
Attestatsiyadan o‘tkazganlik uchun yig‘im Davlat inspeksiyasining budjetdan tashqari hisob raqamiga o‘tkaziladi va attestatsiya bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun yo‘naltiriladi.
19. Ta’lim tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya muddati tugaydigan yildan oldingi yilning 1-oktabriga qadar Davlat inspeksiyasiga attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida ariza taqdim qilinadi.
20. Ta’lim tashkilotlarining attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganlik to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi, tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma bundan mustasno;
ta’lim tashkilotining to‘liq va qisqartirilgan nomi, joylashgan joyi, telefon raqami, Internet jahon axborot tarmog‘idagi rasmiy veb-sayti va elektron pochta manzili to‘g‘risidagi ma’lumot (filiali mavjud bo‘lgan ta’lim tashkiloti ma’lumotlarni filial bo‘yicha ham taqdim etadi);
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
attestatsiyadan o‘tkazish uchun yig‘im to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi (nodavlat ta’lim tashkilotlari va o‘zini o‘zi to‘liq moliyalashtiradigan davlat ta’lim muassasalari uchun);
attestatsiyadan o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kurslar va kasblar ro‘yxati.
21. Tizimida davlat ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari attestatsiyadan o‘tkazish jadvalini hamda attestatsiyaga oid boshqa hujjatlarni ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashqi baholash boshlanishidan kamida ikki oy oldin Davlat inspeksiyasidan oladilar.
Attestatsiya o‘tkazish jadvali va attestatsiyaga oid boshqa hujjatlar olingan kundan boshlab ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash tashkil etiladi va o‘tkaziladi.
Ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash natijasida to‘plangan ma’lumotlar va materiallar, Davlat inspeksiyasi tomonidan taqdim etilgan ta’lim tashkiloti faoliyatiga oid ma’lumotlar kiritilgan jadvallar tashqi baholash boshlanishidan kamida bir oy oldin Davlat inspeksiyasiga yuboriladi.
Belgilangan muddatda hujjatlarning taqdim etilmasligi yoki hujjatlardagi kamchiliklarning bartaraf etilmasligi ta’lim tashkilotining attestatsiyadan o‘tkazilmasligiga asos bo‘ladi.
22. Ta’lim tashkilotlari tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi ariza va unga ilova qilinadigan hujjatlar, ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash natijasida to‘plangan ma’lumotlar va materiallar Davlat inspeksiyasiga quyidagi shakllardan birida taqdim etiladi:
a) qog‘oz shaklida — ta’lim tashkilotining ishonchli vakili yoxud pochta aloqasi xizmati orqali;
b) elektron shaklda — ta’lim tashkiloti rahbarining elektron raqamli imzosi bilan Davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali.
23. Davlat inspeksiyasida attestatsiyadan o‘tuvchi ta’lim tashkiloti uchun attestatsiyadan va akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlar yig‘majildi yig‘iladi. Unda quyidagilar jamlanadi:
ekspert komissiyasini tuzish haqidagi buyruq yoki qaror;
attestatsiya natijalari bo‘yicha ekspert komissiyasi xulosasi;
akkreditatsiya bo‘yicha Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i;
attestatsiyadan va akkreditatsiyadan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa hujjatlar.
Hujjatlar yig‘majildi navbatdagi attestatsiya o‘tkazilgunga qadar Davlat inspeksiyasida saqlanadi.
24. Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun Davlat inspeksiyasi tegishliligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qo‘shma qaror qabul qiladi. Hududlardagi ekspert komissiyalari manfaatdor vazirliklar va idoralarning tegishli hududiy bo‘linmalarining Davlat inspeksiyasi hududiy bo‘limlari bilan kelishgan holda qabul qilingan buyrug‘i (qarori) bilan tuziladi.
Ekspert komissiyalari tarkibiga Davlat inspeksiyasi, tegishliligi bo‘yicha maktabgacha, xalq ta’limi, madaniyat, jismoniy tarbiya va sport tuman (shahar) bo‘limlari, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘limi mutaxassislari, manfaatdor vazirliklar va idoralarning hududiy bo‘linmalari vakillari, maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarining kuzatuv kengashlari vakillari, rahbarlari, rahbar o‘rinbosarlari, pedagog xodimlari va nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari jalb etiladi. Ekspert komissiyasi tarkibiga xorijiy ekspertlar ham jalb etilishi mumkin.
Ekspert komissiyalariga tegishliligi bo‘yicha tizimida maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari davlat ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarning hududiy bo‘linmalari mas’ul xodimlari raislik qiladi. Davlat inspeksiyasi yoki uning hududiy bo‘limlari vakillari ekspert komissiyalari tarkibiga rais o‘rinbosarlari sifatida kiritiladi hamda ta’lim tashkilotlari faoliyatini tashqi baholashni tashkil etish va o‘tkazish ishlarini nazorat qiladi.
25. Bevosita vazirliklar va idoralarga bo‘ysunuvchi maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun ekspert komissiyalari tarkibiga tegishli vazirliklar va idoralar, ularning hududiy bo‘linmalari mutaxassislari, maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari pedagog xodimlari jalb etiladi. Bunda ekspert komissiyasi Davlat inspeksiyasi tomonidan tuzilib, unga Davlat inspeksiyasi xodimi rahbarlik qiladi.
26. O‘rta maxsus, professional, oliy, oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazuvchi ekspert komissiyalari tarkibi Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi hamda unga Davlat inspeksiyasi xodimi rahbarlik qiladi.
Ekspert komissiyalari tarkibiga tegishli ravishda ta’lim tashkilotlarining pedagog va rahbar xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi va tarmoq ilmiy-tadqiqot institutlarining yetakchi olimlari, vazirliklar va idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari mas’ul xodimlari, tegishli ishlab chiqarish korxonalarining yuqori malakali mutaxassislari, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari jalb etiladi. Bunda ular attestatsiyadan o‘tkazilayotgan ta’lim tashkilotlariga aloqador bo‘lmasligi lozim. Ekspert komissiyalari tarkibiga xorijiy ekspertlar ham kiritilishi mumkin.
27. O‘rta maxsus, professional, oliy, oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazuvchi ekspert komissiyalari tarkibini shakllantirish uchun Davlat inspeksiyasi tomonidan ekspertlar ro‘yxati tuziladi hamda ushbu ro‘yxatdagi ekspertlar orasidan Davlat inspeksiyasi tegishli ekspertlarni tanlab oladi.
Ekspertlar ro‘yxati Davlat inspeksiyasining so‘roviga muvofiq tegishli vazirliklar va idoralar, davlat organlari va tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan nomzodlardan ta’lim turlari, ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kurslar va kasblarni hisobga olgan holda shakllantiriladi.
Ekspertlarga qo‘yiladigan talablar, ularni tanlab olish va attestatsiya jarayoni bo‘yicha seminarlar tashkil etish Davlat inspeksiyasi tomonidan belgilanadi.
28. Ekspert komissiyalarining vazifalari quyidagilardan iborat:
ta’lim tashkilotining faoliyatini ichki baholash natijalari bo‘yicha olingan ma’lumotlarning haqqoniyligini tekshirish;
ta’lim tashkilotidagi ta’lim sifati va mazmunining davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligi hamda ko‘rsatilayotgan ta’lim xizmatlarining sifati va samaradorligini baholash;
ta’lim sifatini oshirish va ta’lim xizmatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berish;
ta’lim tashkilotlarining faoliyatini tashqi baholash yuzasidan xulosa tayyorlash va Davlat inspeksiyasiga taqdim etish.
29. Ta’lim tashkilotlarining faoliyatini tashqi baholash ekspert komissiyalari tomonidan tegishli ta’lim tashkilotlariga bormay, ular tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar va materiallarni o‘rganish asosida Davlat inspeksiyasida ham amalga oshirilishi mumkin.
Ta’lim tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga mos kelmasligi holatlari aniqlangan taqdirda, ekspert komissiyalari tomonidan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘rab olinishi mumkin. Ta’lim tashkilotlarining rahbarlari ekspert komissiyalari tomonidan so‘ralgan ma’lumotlar va hujjatlarni taqdim etishlari shart;
Ta’lim faoliyati masofaviy ta’lim texnologiyalari asosida olib boriladigan ta’lim tashkilotlarida ekspert komissiyalari a’zolariga ta’lim oluvchilarning erishgan natijalari, ular tomonidan fan dasturlari o‘zlashtirishi holati va ta’lim faoliyati bilan bog‘liq boshqa ma’lumotlarni olish uchun elektron ma’lumotlar bazasiga kirishga ruxsat beriladi.
30. Davlat ta’lim muassasalarini tashqi baholashdan o‘tkazish bo‘yicha ekspertlar komissiyalari a’zolarining xizmat safarlari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlar ularning asosiy ish joyi mablag‘lari hisobiga qoplanadi.
Bunda tegishli budjet tashkilotlaridan jalb qilingan ekspert komissiyalari a’zolarining xizmat safari bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlari ushbu budjet tashkilotlarining tasdiqlangan xarajatlar smetasida xizmat safari uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Nodavlat ta’lim tashkilotlari va to‘liq o‘zini o‘zi moliyalashtiradigan davlat ta’lim muassasalarini tashqi baholashdan o‘tkazish uchun jalb etilgan ekspert komissiyalari a’zolariga Davlat inspeksiyasi bilan tuziladigan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida haq to‘lanadi. Ekspert komissiyalari a’zolariga to‘lanadigan haq miqdori ularning bajargan ishlariga mutanosib ravishda tomonlar kelishuviga muvofiq belgilanadi.
31. Ekspert komissiyalari tarkibi va ish muddati ta’lim tashkilotlarining turi hamda ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kurslar va kasblar soniga qarab belgilanadi.
32. Attestatsiya natijalari asosida ekspert komissiyalari tomonidan ta’lim tashkilotida kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligi haqida xulosa tayyorlanadi.
33. Ekspert komissiyalari tomonidan ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash natijalari va boshqa taqdim etilgan hujjatlarda haqqoniy bo‘lmagan ma’lumotlarning aniqlanishi ta’lim tashkilotlarining (ta’lim dasturlarining) “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilishiga sabab bo‘ladi hamda davlat namunasidagi ta’lim to‘g‘risidagi hujjat berish huquqidan mahrum etiladi. Bunday holatda ta’lim tashkilotiga bir yildan so‘ng qayta attestatsiyadan o‘tish uchun ariza bilan murojaat qilish imkoniyati beriladi.
34. Ekspert komissiyalari ta’lim tashkilotlari rahbariyati bilan birgalikda ta’lim tashkiloti faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi. Davlat inspeksiyasi attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish ustidan nazoratni tashkil qiladi.
Ta’lim tashkilotlari tomonidan chora-tadbirlar rejasida belgilangan vazifalarning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar har chorak yakunida Davlat inspeksiyasining rasmiy veb-saytidagi elektron platformaga kiritib boriladi.
Attestatsiyadan o‘tkazish jarayonida aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmagan taqdirda, Davlat inspeksiyasi tomonidan tegishli vazirliklar va idoralarga taqdimnoma kiritiladi. Taqdimnomada ko‘rsatilgan kamchiliklar o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, ta’lim tashkilotiga berilgan akkreditatsiya sertifikati bekor qilinadi. Bunda, ta’lim tashkiloti navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkaziladi.
35. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ekspert komissiyalari tomonidan maktabgacha ta’lim tashkiloti ustavida belgilangan vazifalarning hamda maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat standartining bajarilishi yuzasidan quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
rivojlanish darajasi kuzatilgan tarbiyalanuvchilarning 55 foizi va undan ko‘pi ijobiy baholanib, maktabgacha ta’lim tashkilotini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarida belgilangan umumiy ballning 55 foizi va undan yuqori ball to‘plaganda “attestatsiyadan o‘tdi”;
rivojlanish darajasi kuzatilgan tarbiyalanuvchilarning 45 foizi va undan ko‘pi qoniqarsiz baholanib, maktabgacha ta’lim tashkilotini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarida belgilangan umumiy ballning 55 foizidan past baholanganda “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
36. Maktabgacha ta’lim tashkilotlari “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilganda:
davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktorining malakasi yetarli emas deb topiladi hamda ish beruvchi tomonidan u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkilotidagi faoliyatiga bir yil to‘lmagan direktor majburiy ravishda navbatdan tashqari malaka oshirishga yuborilib, davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi hamda davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti uning natijalariga ko‘ra attestatsiyadan o‘tmagan taqdirda, direktor bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi;
nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari litsenziyasining amal qilishi belgilangan tartibda tugatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini boshqa davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ko‘chirish choralari ko‘riladi.
37. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha so‘nggi ikki yilda umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi va ekspertlar tomonidan o‘tkazilgan nazorat ishlari natijalari, davlat ta’lim standartlari va ushbu tashkilotlarning ustavida belgilangan vazifalarning bajarilishi darajasi asosida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
nazorat ishlarida qatnashgan o‘quvchilarning 55 foizi va undan ko‘pi ijobiy baholanib, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarida belgilangan umumiy ballning 55 foizi va undan ko‘pini to‘plaganda “attestatsiyadan o‘tdi”;
nazorat ishlarida qatnashgan o‘quvchilarning 45 foizi va undan ko‘pi qoniqarsiz baholanib, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarida belgilangan umumiy ballning 55 foizidan kam ball to‘plaganda “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
38. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkiloti “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilsa:
davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasasi rahbari va rahbari o‘rinbosarlarining malakasi yetarli emas deb topiladi hamda ish beruvchi tomonidan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi;
davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasasidagi faoliyatiga bir yil to‘lmagan rahbar va rahbar o‘rinbosarlari majburiy ravishda navbatdan tashqari malaka oshirishga yuborilib, davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasasi bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi hamda davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasasi uning natijalariga ko‘ra attestatsiyadan o‘tmagan taqdirda, rahbar va rahbar o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi;
nodavlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari litsenziyasining amal qilishi belgilangan tartibda tugatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan nodavlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarini boshqa davlat umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim muassasalariga ko‘chirish choralari ko‘riladi.
39. Maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ekspert komissiyalari tomonidan o‘tkazilgan nazorat ishlari natijalari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga va ustavida belgilangan vazifalarning bajarilishi darajasi asosida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
nazorat ishlarida qatnashgan ta’lim oluvchilarning 55 foizi va undan ko‘pi ijobiy baholanib, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarida belgilangan umumiy ballning 55 foizi va undan ko‘pini to‘plaganda “attestatsiyadan o‘tdi”;
nazorat ishlarida qatnashgan ta’lim oluvchilarning 45 foizi va undan ko‘pi qoniqarsiz baholanib, maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlarida belgilangan umumiy ballning 55 foizidan kam ball to‘plaganda “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
40. Maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilsa:
davlat maktabdan tashqari ta’lim muassasasi rahbari va rahbar o‘rinbosarlarining malakasi yetarli emas deb topiladi hamda ish beruvchi tomonidan ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinadi;
davlat maktabdan tashqari ta’lim muassasasidagi faoliyatiga bir yil to‘lmagan rahbar va rahbar o‘rinbosarlari majburiy ravishda navbatdan tashqari malaka oshirishga yuborilib, davlat maktabdan tashqari ta’lim muassasasi bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi hamda davlat maktabdan tashqari ta’lim muassasasi uning natijalariga ko‘ra attestatsiyadan o‘tmagan taqdirda, rahbar va rahbar o‘rinbosarlari bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilinadi;
nodavlat maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari litsenziyasining amal qilishi belgilangan tartibda tugatiladi.
Tizimida maktabdan tashqari ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda ularning hududiy bo‘linmalari tomonidan “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan nodavlat maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari ta’lim oluvchilarini boshqa davlat maktabdan tashqari ta’lim muassasalariga ko‘chirish choralari ko‘riladi.
41. Professional ta’lim tashkilotlaridagi mavjud kasblarning 55 va undan ko‘p foizi attestatsiyadan o‘tgan professional ta’lim tashkilotlari “attestatsiyadan o‘tdi”, 55 dan kam foizi attestatsiyadan o‘tganda “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
42. “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan professional ta’lim tashkilotining attestatsiyadan o‘tmagan kasblariga ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilish to‘xtatiladi.
43. “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan professional ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
professional ta’lim ta’limi muassasasi faoliyatini qayta tashkil etish yoki tugatish bo‘yicha tizimida professional ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga taqdimnoma kiritish;
nodavlat professional ta’lim tashkilotlariga ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilishni to‘xtatish.
“Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan nodavlat professional ta’lim tashkilotlarining ta’lim oluvchilari o‘qishni bitirganlaridan keyin ular litsenziyasining amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatiladi.
44. Oliy ta’lim tashkilotida mavjud ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarning umumiy soniga nisbatan 67 va undan ko‘p foizi “attestatsiyadan o‘tdi” deb xulosa qilinsa, oliy ta’lim tashkiloti “attestatsiyadan o‘tdi”, 67 dan kam foizi attestatsiyadan o‘tganda “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
45. “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan oliy ta’lim tashkilotining attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilish to‘xtatiladi.
46. Oliy ta’lim tashkilotlarining attestatsiyadan o‘tmagan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasi komissiyasi tarkibiga Davlat inspeksiyasining vakillari kiritilishi shart.
47. “Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan oliy ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
davlat oliy ta’lim muassasasini qayta tashkil etish, tugatish yoki maqomini o‘zgartirish to‘g‘risida tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga taqdimnoma kiritish;
nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilishni to‘xtatish;
ta’lim oluvchilari bitirib chiqqanidan keyin nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari litsenziyasining amal qilishini tugatish.
48. Oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari kamida bitta ixtisoslik attestatsiyadan o‘tgan taqdirda, ular ushbu ta’lim turi bo‘yicha “attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etiladi.
49. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklarini oxirgi uch yilda bitirgan doktorantlar va mustaqil izlanuvchilar dissertatsiyalarining ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengash tomonidan himoyaga qabul qilinganlari soni 10 foizdan kam bo‘lsa, ixtisoslikka nisbatan “attestatsiyadan o‘tmadi” degan qaror qabul qilinadi.
50. “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlarining attestatsiyadan o‘tmagan ixtisosliklari bir yildan keyin qayta attestatsiyadan o‘tkaziladi.
51. Qayta attestatsiya natijalariga ko‘ra “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan ixtisosliklarga qabul to‘xtatiladi. Qayta attestatsiya natijalari qabulni to‘xtatish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilish uchun:
tizimida tizimida oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga;
oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining muassislariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga yuboriladi.
52. Oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilganda:
oliy ta’limdan keyingi ta’lim bo‘yicha qabul to‘xtatiladi;
ta’lim oluvchilari bitirib chiqqanidan keyin oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarining oliy ta’limdan keyingi ta’lim bo‘yicha litsenziyasining amal qilishi belgilangan tartibda tugatiladi;
ta’lim oluvchilar ilmiy ishlarini davom ettirishi uchun tizimida oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari bo‘lgan vazirliklar va idoralar hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan boshqa oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlariga o‘tkaziladi;
xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan doktorantlar va mustaqil izlanuvchilarning shartnomalari ular o‘tkazilgan oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlari bilan qolgan muddatga qayta rasmiylashtiriladi;
boshqa oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy tashkilotlari bo‘lmagan taqdirda ilmiy ishlarni ushbu oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi ilmiy va ta’lim tashkilotlarida davom ettirishga ruxsat beriladi.
53. Oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarni attestatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasining monitoringi natijalari hamda oliy ta’lim yoki ilmiy tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlar asosida joylarga chiqmagan holda ham amalga oshirilishi mumkin.
54. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlari bo‘yicha:
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlarining tashkiliy-boshqaruv faoliyati samaradorligi, davlat ta’lim talablari, o‘quv dasturlari va ularning ustavida belgilangan vazifalari, o‘quv jarayonining tashkil etilishi, ilmiy-pedagog kadrlarning salohiyati, ilmiy-tadqiqot va metodik faoliyatining samaradorligi, moddiy-texnik ta’minoti, ishlab chiqarish bilan integratsiyasi va xalqaro hamkorlik bo‘yicha faoliyati ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari asosida baholanadi. Mezonlar asosida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlarida mavjud kurslarning 67 va undan ko‘p foizi attestatsiyadan o‘tsa, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkiloti “attestatsiyadan o‘tdi”, 67 dan kam foizi attestatsiyadan o‘tsa, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkiloti “attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etiladi.
“Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlarining attestatsiyadan o‘tmagan qayta tayyorlash va (yoki) malaka oshirish kurslariga tinglovchilarni qabul qilish to‘xtatiladi.
“Attestatsiyadan o‘tmadi” deb e’tirof etilgan kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim tashkilotlari to‘g‘risida quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash davlat ta’lim muassasasini qayta tashkil etish yoki tugatish to‘g‘risida tasarrufida kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash davlat ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralarga taqdimnoma kiritish;
kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash nodavlat ta’lim tashkilotlari litsenziyasining amal qilishini belgilangan tartibda to‘xtatish.
55. Ta’lim oluvchilarni o‘qishga qabul qilish to‘xtatilgan ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kurslar va kasblarni qayta ochish masalasi ta’lim tashkilotlari faoliyatida ko‘rsatilgan kamchiliklar to‘la bartaraf etilganidan boshlab kamida uch yildan so‘ng tegishli vazirliklar va idoralar yoki mahalliy hokimliklarning takliflari asosida Davlat inspeksiyasi tomonidan ko‘rib chiqilishi mumkin.
56. “Attestatsiyadan o‘tdi” deb e’tirof etilgan ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun zarur hujjatlar Davlat inspeksiyasiga taqdim etiladi.
57. Ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun Davlat inspeksiyasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi akkreditatsiya komissiyasi tuziladi. Akkreditatsiya komissiyasi tarkibi Davlat inspeksiyasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan tasdiqlanadi. Yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni amalga oshiruvchi ta’lim tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazishda akkreditatsiya komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mas’ul xodimi jalb etiladi. Davlat inspeksiyasi boshlig‘i akkreditatsiya komissiyasining raisi hisoblanadi.
58. Akkreditatsiya ta’lim tashkilotlarining attestatsiyasi xulosalariga ko‘ra amalga oshiriladi. Akkreditatsiya komissiyasi ta’lim tashkilotlari faoliyatining davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga muvofiqligini e’tirof etish bilan birgalikda uning maqomini ham belgilaydi.
59. Ta’lim tashkilotini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun ekspert komissiyalari tomonidan ta’lim tashkilotining attestatsiyasi xulosasi akkreditatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
60. Ta’lim tashkilotini akkreditatsiyadan o‘tkazish haqidagi qaror akkreditatsiya komissiyasiga hujjatlar topshirilgandan keyin bir oy muddatda qabul qilinadi.
Ta’lim tashkilotini akkreditatsiyadan o‘tkazish yuzasidan ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, ikki hafta davomida ta’lim tashkilotining davlat akkreditatsiyasidan o‘tganligi to‘g‘risida ushbu Nizomga 2-ilovada keltirilgan shakldagi sertifikat beriladi.
Sertifikatda ta’lim tashkilotining tashkiliy-huquqiy shakli, turi, maqomi va sertifikatning amal qilish muddati qayd etiladi.
Sertifikatga ushbu Nizomga 3-ilovaga muvofiq shakldagi ta’lim tashkilotining davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklari, ixtisosliklari, kurslari va kasblari ro‘yxati ilova qilinadi.
Maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlariga beriladigan davlat akkreditatsiyasidan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikatga ro‘yxat ilova qilinmaydi.
Sertifikat 5 yil muddatga beriladi.
Sertifikat blankalari qat’iy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega bo‘ladi.
Sertifikat blankalari namunalari Davlat inspeksiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va uning buyurtmasiga ko‘ra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi. Davlat inspeksiyasi boshlig‘i sertifikat blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va ulardan maqsadli foydalanilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
61. Ta’lim tashkiloti qayta tashkil etilgan (o‘zgartirish bundan mustasno) yoki tugatilgan taqdirda akkreditatsiya haqidagi sertifikat o‘z kuchini yo‘qotadi.
62. Akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim tashkiloti (ta’lim dasturlari) doimiy ravishda ta’lim sifatini ta’minlashlari shart va bu jarayon Davlat inspeksiyasi tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi.
Akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim tashkiloti (ta’lim dasturlari) tomonidan ta’limga oid qonunlar buzilganligi yoki amalga oshirilayotgan ta’lim xizmatlari davlat ta’lim standartlari, davlat ta’lim talablari hamda o‘quv dasturlariga mos kelmasligi yoki sertifikat va unga ilovada belgilangan ko‘rsatkichlar doirasidan chetga chiqish holatlari aniqlangan taqdirda, akkreditatsiya haqidagi sertifikat Davlat inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinadi.
63. Akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim tashkilotlari Davlat inspeksiyasida hisobga olinadi hamda uning rasmiy veb-saytida yoki ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Ta’lim tashkilotlari yangi tashkil etilganda, qayta tashkil etilganda yoki tugatilganda manfaatdor vazirliklar va idoralar tomonidan, nodavlat ta’lim tashkilotlari tugatilganda muassislar tomonidan tegishli qaror nusxasi bir hafta muddatda Davlat inspeksiyasiga taqdim etilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan birgalikda tashkil etilgan ta’lim muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining alohida bo‘linmalari (filiallari va fakultetlari) o‘z davlatida tan olingan akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi tashkilotlar tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi yoki unga tenglashtirilgan hujjatni asosiy ta’lim muassasasidan olgandan so‘ng, uning nusxasini ikki hafta muddatda Davlat inspeksiyasiga taqdim etishi shart.
Davlat inspeksiyasi ushbu hujjatlar asosida akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim tashkilotlari reyestriga tegishli o‘zgartirishlar kiritadi.
64. Attestatsiya va akkreditatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan ta’lim tashkilotlari rahbarlari yoki ularning muassislari belgilangan tartibda sudga murojaat qilishlari mumkin.